Isroil vaksinatsiya bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biriga aylandi. Hozirda mamlakat aholisining deyarli 54 foizi koronavirusga qarshi emlangan. Mart oyi boshida Bosh vazir Binyamin Netanyaxu Isroil COVID-19 ni yengib o‘tgan birinchi mamlakat ekanligini aytgan edi.

Isroilda istiqomat qiluvchi Aleksandr Rozenblyum Tengrinews.kz nashriga bergan intervyusida vaksinatsiya qanday o‘tkazilganligi va koronavirus bilan qanday kurash olib borilganligi haqida gapirib berdi. Intervyuning tarjimasini «Gazeta.uz» taqdim etadi.

Qat’iy karantin

«2020 yil 17 martda mamlakat qat’iy karantin rejimiga o‘tdi. Dastlabki 3 oy qariyalar uylaridagilar eng ko‘p zarar ko‘rdi. 90 yoshdan oshganlar omon qolishmasdi. Qariyalarni asrash uchun ularning uylari butunlay bloklangan edi, tashqi dunyo bilan aloqa qilish taqiqlanib, hatto bolalarga tashrif buyurishga ruxsat berilmadi.

Odamlarni ta’tilga jo‘natishdi. Men o‘zim uch oyni ishsiz o‘tkazdim. Shu bilan birga, Milliy sug‘urta instituti ish haqining 70 foizini to‘lab berdi. Isroilda o‘rtacha ish haqi 3000 dollarni tashkil qiladi. Sxema quyidagicha: kompaniya vaqtincha yopilishi va ishchining maoshi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni milliy sug‘urta institutiga yuboradi. To‘lov yashash darajasidan kam bo‘lmasligi va 5 ming dollardan oshmasligi kerak edi", — dedi Aleksandr Rozenblyum.

Aleksandrning so‘zlariga ko‘ra, birinchi karantindan keyin koronavirus bilan kasallangan bemorlar ko‘p bo‘lmagan.

Uydan faqat do‘konga, dorixonaga, shifokor ko‘rigiga, dafn, diniy marosimlarga 10 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda chiqish mumkin edi. Niqob taqish va masofani saqlash majburiy edi. Niqobsiz yurganlik uchun jarimalar 160−180 dollar.

«Epidemiya boshlanganidan keyin smartfonlar uchun ilova yaratilgdi. Uning yordamida bemorlarning qayerda bo‘lganligini kuzatsa bo‘lardi. Maxsus xizmatlar bemor bilan aloqada bo‘lganlarni kuzatuv asosida aniqlab, ularni ikki haftalik karantinga olishar edi», — deb eslaydi Aleksandr.

Isroilda qat’iy karantin 3 oy davom etdi. Keyinchalik cheklovlar yumshatila boshlandi, ammo jarimalar oshirildi. Niqobsiz yurganlik uchun 350 dollar jarima belgilangandi. Korxonani yoki butikni ruxsatsiz ochganlik uchun jarima 3500 dollarga yetar edi.

Vaksinatsiya

Isroilda aholini ommaviy emlash 2021 yilning yanvarida boshlangan. Ushbu ehtiyojlar uchun davlat Pfizer vaksinasini sotib oldi. Aleksandrning so‘zlariga ko‘ra, avvalambor, keksalar va surunkali kasalliklari bor fuqarolar emlangan. Aholiga sms orqali emlanish mumkin bo‘lgan eng yaqin manzillar haqida ma’lumot yuborilib, vaksinatsiyaga taklif qilinar edi.

Katta shahar va tuman poliklinikalari, kasalxonalar va tibbiyot markazlaridan tashqari ko‘chma emlash markazlari ham tashkil etilgan. So‘nggi paytlarda emlash uchun mobil brigadalar tashkilotlarning o‘ziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishar edi. Barcha aholi yosh guruhlariga bo‘linib chiqilgan edi.

Avval, 60 yoshdan katta fuqarolar emlandi, bir haftadan so‘ng — 50 yoshdan 60 yoshgacha, keyinchalik 40 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan guruh qo‘shildi. Birinchi bosqichda bolalar emlanmagan, emlashga faqat 18 yoshdan boshlab ruxsat berilgan. Keyinchalik mazkur chegara 16 yoshga, bir muncha vaqt o‘tgach — 14 ga tushirildi va yaqinda 12 yoshdan boshlab emlash uchun rasmiy ravishda ruxsat berildi.

Mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxu birinchi bo‘lib Pfizer vaksinasi bilan 2020 yil 19 dekabrda emlangan edi. Aleksandrning aytishicha, hukumatning vazifasi har bir isroillikni vaksinatsiya jaryonidan o‘tkazish bo‘lgan va bugungi kunda aholining taxminan 54 foizi emlandi.

«Bizda tibbiy sug‘urta va emlanishlar bir kompleksga kiradi. Poliklinikalarda bemorlar kirmaydigan alohida kirish joyi tashkil qilingan. U yerda ko‘plab xonalar va harbiy hamshiralar bor. Bir kishi kirib keladi, unga ukol qilishadi. Keyin 15 daqiqa kutib, uning ahvolini baholaydilar. So‘ng, ikkinchi emlash sanasi belgilanadi», — deydi Aleksandr.

Mamlakatda emlashga qarshi bo‘lganlar ham bor edi. Ijtimoiy tarmoqlarda «antivaksina» faollari Pfizerni ishlatish uchun yetarli darajada ishlab chiqilmaganligiga ishontirib, vaksinatsiya jarayonlarini boykot qilishga faol ravishda chaqira boshlashgan.

«Bizda vaksinaga qarshi kuchli harakat bor edi, ular odamlarni emlash uchun klinikalarda navbatni egallashga, lekin bormaslikka chaqira boshladilar. Shunda shifokorlar ushbu dozadagi vaksinani tashlab yuborishlariga to‘g‘ri kelgan. Pfizer minus 70 daraja haroratda saqlanishi kerak va shifokorlar uni chiqarishganda, vaksina o‘z-o‘zidan qiziydi. Agar odam kelmasa, shifokorlar uni tashlab yuborishlari kerak bo‘ladi. Biroq tibbiyot xodimlari bunday qilmay, kerak bo‘lganda ko‘chadan chaqirib emlashar edi», — so‘zlab berdi Aleksandr.

Aleksandr vaksinaga qarshi harakatlarni boshlaganlarni maxsus xizmatlar tezda aniqlaganini eslaydi. Bir kishi qarindoshi koronavirusdan vafot etganidan keyin emlashga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirganini ham aytadi.

1 mart kuni Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligi kasalxonalardagi punktlariga 16 yoshga to‘lgan va koronavirusdan tuzalganiga uch oydan ko‘proq vaqt o‘tgan fuqarolarga emlanishga ruxsat berdi. Tuzalib chiqqanlarni emlash 2 mart kuni boshlandi.

Koronavirusga chalinmaganlardan farqli o‘laroq, kasal bo‘lganlar immunitetini mustahkamlash uchun faqat bitta dozadan emlanadi. 31 mart kuni Pfizer kompaniyasi o‘z vaksinasini koronavirusga qarshi 12 yoshdan katta o‘spirinlar uchun 100 foiz samarali ekanligi haqida xabar bergan.

Mart oyining boshlarida Isroil hukumati karantin choralarini yengillatishini e’lon qilgan. Mamlakatda kafelar, restoranlar, sport zallari, ko‘rgazmalar, suzish havzalari, kinoteatrlar va sayyohlik joylari qayta ochildi. Biroq, barcha cheklovlar faqat «yashil» pasport egalari, ya’ni emlanganlik haqidagi ma’lumotnomaga ega bo‘lgan fuqarolar uchun bekor qilindi.

Emlanganlar chet eldan qaytib kelgandan keyin yoki kasallikni yuqtirgan odam bilan aloqada bo‘lgandan keyin o‘zlarini yakkalashlari shart emas. Ammo har kim hamon jamoat joylarida niqob taqishi va ijtimoiy masofani saqlashi kerak.

Hozirda Isroil ko‘chada niqob taqish talabini bekor qildi. Faqat binolar ichida niqob taqish zarur. Aleksandrning so‘zlariga ko‘ra, mazkur masala bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda, ehtimol bu talab ham bekor qilinadi, chunki kasallanish holatlari kamligicha qolmoqda.