13 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektorda davlat rahbari 1 maydan boshlab talabalarga ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab berilishini ta’kidlagan edi.

Shunga ko‘ra, prezidentning «Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida яшайдиgaн davlat OTMlari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Birinchi navbatda ehtiyojmand oila farzandlariga, o‘rnak ko‘rsatgan va faol talabalarning ijara to‘lovining yarmi qoplanadi.

Ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida — BHMning 1 baravaridan, qolgan hududlarda — BHMning 0,5 baravari miqdoridan oshmasligi lozim.

O‘tgan hafta prezident boshchiligida o‘tgan videoselektorda mas’ullarga mazkur tizim orqali dastlabki bosqichda 60 ming nafar yoshlar qamrab olinishi yuzasidan topshiriq berilgandi.

Jumladan, Moliya vaziri Timur Ishmetovga ushbu maqsadlar uchun 100 mlrd so‘m ajratish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, rektor va viloyat moliya boshliqlari ikki haftada ijarada turgan talabalar bilan uchrashib, 1 maydan to‘lovlarni boshlashi zarurligi aytilgan edi.