19 aprel kuni O‘zbekiston bo‘ylab bolalar orasida ichak gelmintozi bilan kasallanishning oldini olish bo‘yicha ommaviy tadbirlar boshlandi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

24 aprelgacha davom etadigan tadbirning birinchi bosqichida 2−10 yoshdagi (jami 6 mln 115 ming nafardan ortiq) bolalar hamda zararlanish yuqori bo‘lgan hududlar — Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktablarda 15 yoshgacha (jami 445 ming nafardan ortiq) maktab o‘quvchilari qamrab olinadi.

Gelmintozlar inson organizmiga parazit chuvalchanglar (gijjalar) kirishi natijasida yuzaga keladi. Chuvalchanglar o‘zi yashab turgan vujuddagi ozuqalar hisobiga kun ko‘radi. Hozirda bunday zararkunandalarning 250 ga yaqin turi aniqlangan bo‘lib, shulardan 9 xili bolalarda uchraydi.

Agar bolada quyidagi belgilar kuzatilsa, unda mazkur zararkunandalarning biri bo‘lishi mumkin:

  • bolaning qorni og‘riydi;
  • ishtahasi buziladi;
  • asabiylashadi;
  • jizzaki bo‘lib qoladi;
  • uyqusida tishlarini g‘ichirlatadi.

Parazit inson organizmida 5 mingdan 150 minggacha tuxum qo‘yadi. Ularning xavfliligi shundaki, zararkunandalar tez rivojlanadi va ichak orqali butun tanaga tarqalib, ichki a’zolar va tizimlarni shikastlaydi.

«Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining taqsimotiga ko‘ra, maxsus dori vositalari ommaviy degelmintizatsiyaning 1-turini tashkillashtirish uchun hududlarga yetkazib berildi. Bolalar preparatlarni bog‘cha va maktablarda qabul qilmoqdalar, shuningdek, uyda tarbiyalanayotganlarga esa birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy bo‘linmalari tomonidan tashkil qilingan guruhlar „maxallabay“ tarzda uyma-uy yurib, maxsus dori vositalarini tarqatmoqda», — ta’kidlandi SSV matbuot xizmatida.

Ommaviy degelmintizatsiya tadbirlarining ikkinchi turi 6 oydan so‘ng tashkil qilinishi rejalashtirilgan.