Majburiy ijro byurosining Angren shahar bo‘limi boshlig‘i Mohizoda Yusupova xodimlarni haqorat qilgani uchun hayfsan oldi, deya xabar berdi MIB matbuot kotibi Farruh Toshpo‘latov «Gazeta.uz»ga.

14 aprel kuni Kun.uz Mohizoda Yusupovaning rejani bajarmagan xodimlarni nomaqbul so‘zlar bilan haqoratlagani, ularga tahdid qilgani va yarim tunda majlisga kelishga buyruq bergani aks etgan audioyozuvni e’lon qildi.

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra, 7 aprel kuni ushbu MIB bo‘lim rahbariga Telegram telegram tarmog‘i orqali yo‘nalishdagi asosiy undiruvlarning biri bo‘lgan «Ayollar daftari», «Temir daftar» va «Yoshlar daftari» bo‘yicha undiruvlar kamaygani haqida qo‘l ostidagi xodimlar ma’lumot berishgani ma’lum bo‘ldi.

«Ushbu yo‘nalishdagi undiruvlar har bir xodimga o‘rtacha 10 tagacha taqsimlangani, biroq ayrim xodimlar bu yo‘nalishdagi ishlarga mas’uliyatsiz bilan qarashi, qolgan xodimlarning ishchanlik kayfiyatiga salbiy ta’siri etishini o‘ylab, jahli chiqib, ushbu Telegram telegram tarmog‘i orqali haqoratli so‘zlar bilan audio yozuv yuborgan», — deya tafsilotlarni keltirdi MIB.

Farruh Toshpo‘latovning so‘zlariga ko‘ra, Mohizoda Yusupova ushbu ishdan qattiq afsusda va har qandayintizomiy jazo uchun o‘zini aybli deb bilmoqda.

Mohizoda Yusupova Byuro organlarida 2017 yildan, egallab turgan lavozimida 2018 yildan faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Muqaddam sobiq Sud deparatmenti tizimida 20 yil davomida turli lavozimlarga faoliyat ko‘rsatgan. Uning qattiqqo‘l, mas’uliyatli va talabchan xodim sifatida tavsiflanilishi ma’lum qilindi.

Olib borilgan xizmat tekshiruvlari natijasiga ko‘ra, 16 aprel kuni Mohizoda Yusupovaga «hayfsan» intizomiy chorasi qo‘llanildi. Bundan tashqari, MIB Angren tuman bo‘limida xizmat qilayotgan 7 nafar xodimning ishga bo‘lgan mas’uliyati va javobgarligini oshirish, mehnat va ijro intizomiga qat’iy rioya etish borishi bo‘yicha profilaktik suhbat o‘tkazildi.

MIB matbuot kotibi hozirda bu kabi noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha Byuro tizimidagi xodimlar o‘rtasida xizmat mavqeini suiiste’mol qilish va nojo‘ya xatti-harakat qilishining oldini olish, rahbar xodimlarning qo‘l ostidagi xodimlarga har tomonlama ijobiy va xushmuomalali munosabatda bo‘lishi, mehnat va ijro intizomiga rioya etilishi bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.

U Mohizoda Yusupovaning MIB bo‘limlari rahbarlari orasidagi yagona ayol kishi ekanini qayd etib o‘tdi.

Avvalroq Oliy Majlis Senati matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda MIBning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlari nomidan Bosh prokurorga shikoyat yo‘llangani haqida xabarlar tarqalganini ma’lum qildi. Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Bosh prokuraturadan mazkur holatni nazoratga olgan holda o‘rganib chiqishni va natijasi yuzasidan rasmiy bayonot berishni so‘radi.