17 aprel kuni bosh vazir Abdulla Aripov Respublika maxsus komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida kasallanish bo‘yicha yil boshida kuniga 15 ta holat aniqlangan bo‘lsa, hozir 300 taga chiqqanini ta’kidladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muhbiri xabar berdi.

Bosh vazir mamlakatda karantin choralariga amal qilishning nazorati kuchayganligini ta’kidladi. Bu holatlar kasallanish yana ko‘pyib borayotgan davlat organlarida ham kuzatilayotganligi aytildi.

IIV, Milliy Gvardiya, SES karantin choralariga amal qilishni yetarlicha nazorat qilmayapti. Jamoat transportida, savdo markazlarida va boshqa jamoat joylarida ijtimoiy masofani saqlamaslik va tibbiy niqob kiyib yurmaslik holati kuzatilyapti.

Bog‘cha, maktab, kollej, litsey va OTMlarda, yopiq konsert zallarida o‘tkazilayotgan tadbirlardi ham karantin choralariga amal qilinmayapti, dedi hukumat rahbari.

Ta’lim muassasalarida kirish joylarida tana haroratini o‘lchash va qo‘lni antiseptik bilan tozlashga e’tibor berilmay qo‘yildi.

To‘y va ma’rakada qatnashuvchilar soni 100 kishi bo‘lishi kerakligi bo‘yicha talabga amal qilinmayapti. Masjidlarda namoz paytida tibbiy niqob kiyish va ijtimoiy masofaga rioya qilish kuzatilmayapti, deya ta’kidladi bosh vazir.

«Hattoki, ba’zi rahbarlar ham 100 kishi mumkin ekan deb, to‘ylarni 200−300 kishilik qilib o‘tkazyapti. Davlat boshqaruv idoralarida rahbar lavozimlarida ishlayotganlarning o‘zi shuni qilyapti. Shunday ma’lumotlar ham yo‘q emas. Kerak bo‘lsa, aynan shu deb lavozimidan ketadi», — dedi Abdulla Aripov prezident bu holat bo‘yicha qattiq e’tiroz bildirganligini aytib.

«Bir necha marotaba ogohlantirish berilganligiga qaramasdan davlat organlarida, afsuski, yig‘ilishlar yopiq zallarda 2−3 soatlab davom etyapti. Ammo, 45 daqiqa yig‘ilish o‘tkazish bo‘yicha cheklov bo‘lgandi — nima kerakligini tezda ayt va borib ishla», — ta’kidladi hukumat rahbari.

18 apreldan quyidagi cheklovlar o‘rnatilishi belgilandi:

  • bog‘cha, maktab, kollej, litsey va OTMlarda kasallanish holati aniqlangan taqdirda, ular zudlik bilan 2 haftaga karantinga olinadi;
  • karantin nazorati kuchaytiradi, jarimalar qo‘llaniladi;
  • umumiy ovqatlanish muassasalarida o‘rinlar 50 foizgacha cheklanadi, biroq 100 kishidan oshmasligi nazorat qilinadi;
  • avtobuslarda o‘rindiqlar 50 foizgacha cheklanadi, avtobuslar soni ko‘paytiriladi;
  • ko‘chma brigadalar shakllantiriladi;
  • dori-darmonlar zaxirasi yaratiladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, taroveh namozlarini ochiq hududlarda ado etish, iftorliklarni esa imkon qadar oila davrasida yoki 100 kishidan oshmagan holatda o‘tkazish tavsiya etildi.

1 maydan konsert va tomoshalar kabi ommaviy tadbirlarni yopiq madaniyat saroylarida o‘tkazish cheklanadi.

Yirik savdo majmualari va bozorlarda, do‘konlarda karantin qoidalariga qat’iy amal qilinishi qat’iy nazoratga olinishi aytildi.