Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi suv tozalash inshooti bir necha yildan beri ishlamay turibdi, deya xabar berdi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev.

Foto: Rasul Kusherbayev / YouTube.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yangiyo‘l shahrining kanalizatsiya tarmoqlaridan chiqayotgan chiqindi suvi tozalanmasdan Qorasuv daryosiga quyiladi.

«Ishlamay turgan ushbu inshoat shu atrofda yashaydigan ko‘plab odamlarning dardi va fojeasi. Ko‘p achchiq xotiralar sababchisi: iflos havo, iflos suv, g‘uj g‘uj chivin-u pashshalar makoni… Xatto o‘spirin yoshdagi o‘z jiyanim inshoatning qarovsiz ochiq chuqurchasiga bexos tushib ketib iflos suvdan vafot etgan…», — dedi deputat.

Rasul Kusherbayevning aytishicha, 2019 yilda bosh vazir Abdulla Aripovga iltimos qilinganidan so‘ng, ta’mirlash ishlari boshlangan. Biroq, ma’lum bir muddat o‘tgach, «Hisob palatasining tushunarsiz talabi bilan» ishlar to‘xtatilgan.

«Yangi tadbirkorlar va loyihachilar kelib, yangi loyiha ustida ishlaymiz, texnologiya bo‘yicha qilamiz deb aytishdi. Ammo qurilish vaziri (Botir Zokirov) va [sobiq] uy-joy kommunal xizmat vaziri (Muzaffar Saliyev, hozirgi Nurafshon hokimi — tahr.) buni xohlamashdi. Men o‘zim buni guvohi bo‘lganman», — dedi u.

Foto: Rasul Kusherbayev / Telegram.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

«Ular hukumat berishga tayyor bo‘lgan pulni qabul qilishni xohlashmadi, ular „o‘yin“ uyushtirishdi. Hurmatli vazir Botir Zokirov yangi, arzon loyihani qurilishini xohlamadi. Eski loyiha bo‘yicha qilamiz dedi. Yangi loyihachini, tadbirkorni ket „kerakmassan“ deb ketkazib yubordi. U [loyihani] o‘z do‘stlariga berishni xohladi, biz bunga guvoh bo‘ldik», — dedi Rasul Kusherbayev.

Rasul Kusherbayevning ta’kidlashicha, «vazirlarning iltimosiga binoan ish qoldirilgan va uchinchi yil davomida inshootda hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan».

«Odamlar ishonchni yo‘qotishmoqda: ularga berilgan va’dalar bajariladimi? Rasmiylarga ishonib, odamlarni bunga ishontirgan biz esa odamlarning ko‘ziga qarashga uyalamiz… Sizlar bosh vazirniyam aldadingiz. Balki, davlat rahbarigayam ishlar yaxshi ketayapti deb „doklad“ berilgandir. Lekin hech narsa qilingani yo‘q», — dedi u.

Deputat, shuningdek, bu yerdagi yoqimsiz xid sababli bu yerdagi aholining «eng asosiy muammosi mehmon chaqirishdan uyalish» deya ta’kidladi.

«Qo‘pol qilib aytganda, davlat tomonidan ajratilgan pulni ikkala vazirlik bo‘lisha olmadingiz, vazirlar mablag‘larni bitta tadbirkorga berishni xohlamadi», — dedi Rasul Kusherbayev.