Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumanida barpo etilayotgan turizm markazi qurilishini ko‘zdan kechirdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Ushbu majmua Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida, 212 gektar maydonda qurilmoqda. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 10 ta inshoot, jumladan, kongress xoll, mehmonxonalar, dam olish maskanlari bo‘ladi.

Ayni paytda kongress xoll, «Abadiy shahar» karvon saroyi va 8 ta mehmonxona bunyod etilmoqda. Mehmonxonalarning ikkitasi 22 qavatli, besh yulduzli, qolganlari to‘rt yulduzli bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, Samarqandda mehmonxonalar ko‘p bo‘lishiga qaramay, sayyohlar ko‘p kelganda o‘rinlar yetishmay qoladi. Masalan, 2019 yilda shahardagi barcha otellar band bo‘lgan.

Qurilayotgan markaz turistik xabga aylanadi. Bu yerda xalqaro anjumanlar o‘tkazish uchun ham keng sharoit bo‘ladi. Uni 2022 yilda foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Prezidentga mazkur yangi sayyohlik markazi imkoniyatlari, turistlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida ma’lumot berildi. Davlat rahbari markaz boshqaruvini samarali tashkil etish, turizm sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda Samarqandning turizm infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari taqdimot qilindi.

Samarqand shahrida ilk bor gastronomik ko‘cha, Samarqand tumani «Konigil» mahalla fuqarolar yig‘inida O‘zbekistonda birinchi turizm qishlog‘i tashkil etildi. Davlat rahbari mazkur turistik markazni shahar bilan bog‘laydigan yo‘l o‘tkazgichni borib ko‘rdi, Usta Umar Jo‘raqulov va Afrosiyob ko‘chalarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.