Toshkent viloyatida 27 yoshli fuqaro 21 yoshli qizni o‘g‘irlab, erga tegishga majburlamoqchi bo‘lgan. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.

Voqea 12 mart kuni soat 07:55 larda sodir bo‘lgan. Fuqaro M.Q. Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani hududida bo‘la turib, M.U. ni erkiga xilof ravishda nikohdan o‘tish uchun o‘g‘irlagan. Qiz qarshilik ko‘rsatib qochib ketgan va M.Q.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rab IIBga murojaat qilgan.

Holat yuzasidan M.Q.ga nisbatan JKning 136-moddasi 1-qismi (ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval, Surxondaryo viloyati Denov tumanida 20 yoshli qizga majburan uylanmoqchi bo‘lgan 28 yoshli fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 8 aprel kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida turmush qurish uchun ayollarni olib qochishga qarshi miting o‘tkazilgan edi. Namoyishchilar «kelinni o‘g‘irlash» moddasi uchun jazoni kuchaytirishni talab qilishgan.