Xitoy va Janubiy Koreya Yaponiyaning “Fukusima-1"dagi suvni okeanga oqizish to‘g‘risidagi qarorini tanqid qildi

Xitoy TIV Yaponiya hukumatining Fukusima-1 AESdan okeanga suv oqizish to‘g‘risidagi bir tomonlama qaroridan xavotirda ekanligini ta’kidladi. “13 aprel kuni Yaponiya hukumati Fukusima AESdan chiqadigan suvlarni okeanga oqizishga qaror qildi. Yaponiyaning yaqin qo‘shnisi va manfaatdor tomon sifatida Xitoy bundan jiddiy xavotirda”, — deyiladi vazirlik xabarida. Bayonotda Yaponiyaning qarori “ichki va tashqi shubha va e’tirozlarga qaramay, qo‘shni davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan keng qamrovli maslahatlashuvlarsiz” qabul qilinganligi qayd etilgan. Shuningdek, “barcha tegishli mamlakatlar va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan kelishuvlarga erishilmaguncha” okeanga suvlarni oqizishga ruxsat berilmasligi kerak, deyiladi TIV xabarida.

O‘z navbatida, Janubiy Koreyaning davlat siyosatini muvofiqlashtirish idorasi rahbari Ku Yun Chxolning ta’kidlashicha, Seul Yaponiya hukumatining Fukusima AESdan ifloslangan suvni okeanga oqizish to‘g‘risidagi qaroridan chuqur afsusda. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat Janubiy Koreya aholisini ifloslangan suv xataridan himoyalashni ta’minlash prinsipiga muvofiq barcha choralarni ko‘radi.

AQSH Yaponiya ushbu masalasiga mas’uliyat bilan yondashganiga umid qilmoqda va bu masalada hukumat bilan kelgusida muvofiqlashtirishga umid qilmoqda. MAGATE Yaponiyaning ushbu qarorini qo‘llab-quvvatlaydi.

Yaponiya hukumati 13 aprel kuni shikastlangan “Fukusima-1” AESning katta miqdordagi suvlarini okeanga oqizishga ruxsat berdi. Hozirda suvda zararli tritiy moddasi mavjud, lekin mamlakat uning miqdorini sezilarli darajada pasaytirishini ma’lum qildi.


AQSH Germaniyadagi kontingentini 500 kishiga ko‘paytiradi

AQSH FRGdagi harbiy kuchlarini 500 kishiga ko‘paytirshni rejalashtirmoqda. Bu haqda 13 aprel kuni Germaniya mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauer Berlindagi amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha aytib o‘tdi. “FRGdagi qo‘shinlar 500 kishiga ko‘paytiriladi. Bu birdamlikning kuchli belgisidir”, dedi u. Vazir harbiylar qachon kelishi, ular qaysi bazada joylashtirilishi va qanday vazifalarni bajarishini aniq aytmadi. AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp, agar Berlin qo‘shinlarni joylashtirish uchun pul to‘lamasa va NATO doirasidagi kelishuvlarga muvofiq mudofaa xarajatlarini ko‘paytirmasa, Vashington FRGdagi harbiy kontingentining sonini 34,5 ming kishidan 25 ming kishiga kamaytiradi, deb aytgan edi. Amaldagi prezident Jozef Bayden bu rejalardan voz kechdi. — TASS.


BMT Myanmadagi “Suriya ssenariysi” xavfi haqida ogohlantirdi

Myanmada qizg‘inlarning kuchayishi 2011 yilda Suriyada bo‘lgani kabi to‘laqonli qurolli to‘qnashuvlarga olib kelishi mumkin, dedi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet. “Men Myanmadagi vaziyat keng miqyosli mojaro tomon harakatlanishidan xavfsiramoqdaman. Boshqa mamlakatlar Suriyada va boshqa joylarda sodir bo‘lgan o‘tmishdagi halokatli xatolarni takrorlashga yo‘l qo‘yilmasligi kerak”, dedi u. “Shubhasiz, 2011 yildagi Suriyadagi voqealar aks-sadosi sezilmoqda. Biz u yerda ham tinch norozilik namoyishlarini ko‘rdik, keraksiz va tartibsiz ravishda kuch ishlatdik”, — deya izohladi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, Myanma harbiylari namoyishchilarga qarshi harakatlarini kuchaytirishni maqsad qilgan ko‘rinadi va o‘tgan hafta oxirida mamlakatning turli hududlarida zo‘ravonliklar kuzatilgan: masalan, Bago shahrida juma va shanba kunlari 82 kishi o‘ldirilgan. Hammasi bo‘lib kamida 3080 kishi hibsga olingan va hibsga olishlar davom etmoqda, deb aytdi Bachelet. Komissar, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni aralashishga chaqirib, “qoralashni va cheklangan maqsadli sanksiyalar” hozirgi vaziyatda yetarli emasligini ta’kidladi. — Deutsche Welle.


Isroil 23 maydan emlangan va davolanib chiqqan sayyohlar uchun chegaralarni ochadi

Isroil 23 maydan koronavirusga qarshi antitanachalari bo‘lgan sayyohlar uchun o‘z chegaralarini ochadi. “13 aprel kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi va Turizm vazirligining qo‘shma ishchi guruhi emlangan va koronavirusdan davolanib chiqqan bo‘lgan sayyohlar uchun Isroil chegaralarini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilganligini e’lon qildi. Birinchi bosqichda bu belgilangan kvotaga muvofiq kichik guruhlar bo‘ladi. Dastlabki natijalarni tahlil qilgandan so‘ng, sayyohlik oqimini ko‘paytirish va sayohatchilarni qabul qilish imkoniyati o‘rganiladi”, — deyiladi xabarda. Shuningdek, barcha sayyohlar parvozdan oldin PZR sinovidan o‘tishi va Ben Gurion aeroportiga yetib borganida antitanachalar borligini tasdiqlash uchun serologik tekshiruv o‘tkazishi kerakligi haqida ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Isroil boshqa mamlakatlar bilan bir turdagi emlash sertifikatlarini tan olish to‘g‘risida muzokaralar olib borishni rejalashtirmoqda, bu serologik tekshiruvga ehtiyojni yo‘q qiladi. — Interfaks.


Navalniy o‘ziga Qur’on kitobi berilmagani sababli sudga murojaat qildi

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy o‘zi saqlanayotgan Vladimir viloyatidagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasiga qarshi sudga murojaat qildi. “Gap shundaki, ular menga Qur’on kitobimni bermayapti. Va bu mening jahlimni chiqarmoqda. Meni qamoqqa tashlashganlarida o‘zimni rivojlantirishga xizmat qiladigan narsalar ro‘yxatini tuzgandim. Shulardan biri Qur’on va payg‘ambarning sunnatlarini chuqur o‘rganish va tushunish bo‘lgan”, deya izoh berdi Navalniy. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir oy oldin koloniyaga tushganida, u o‘zi bilan birga kitoblar olib kelgan, shuningdek, buyurtma bergan, ammo hozirgacha unga bitta ham kitob berilmagan. “Chunki ularning barchasi ekstremizmga tekshirilishi kerak. Bunga uch oy vaqt ketadi”, — dedi Navalniy. — Navalniyning Instagram’dagi sahifasidan.

3 fevral kuni sud Aleksey Navalniyga tayinlangan shartli hukmni qamoq jazosiga o‘zgartirgani va u 3,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar bergan edik.


JSST COVID xavfi tufayli bozorlarda hayvonlar savdosini cheklashga chaqirdi

JSST 13 aprel kuni barcha mamlakatlar rasmiylarini yuqumli kasalliklar, xususan COVID-19 tarqalishi xavfi tufayli bozorlarda yovvoyi sutemizuvchilar savdosini cheklash choralarini ko‘rishga chaqirdi. “JSST, shuningdek, Hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish xalqaro tashkiloti va BMTning atrof-muhit dasturi shoshilinch choralar sifatida milliy vakolatli organlaridan oziq-ovqat yoki naslchilik maqsadida tirik ovlangan yovvoyi sutemizuvchilar savdosini to‘xtishni va oziq-ovqat bozorlaridagi tegishli bo‘limlarni yopishni talab qilmoqda”, — deyiladi bayonotda. Hujjatda ta’kidlanishicha, davlatlar hokimiyati tavsiya etilgan choralarni darhol qabul qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishi kerak. Ta’kidlanishicha, bunday choralar “samarali qoidalar qabul qilinmaguncha va xavfni yetarli darajada baholash amalga oshirilgunga qadar” amal qilishi kerak. JSST “zoonoz kasalliklar (hayvonlardan yuqadigan) yuqish xavfini kamaytirish uchun an’anaviy oziq-ovqat bozorlarida gigiyena va sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani kuchaytirishga” chaqirdi. Bundan tashqari, tashkilot hozirgi pandemiya paytida bozorlarda qo‘llarni yuvish va dezinfeksiya qilish punktlari bilan ta’minlash zarurligini ta’kidladi. — JSST.


AQSHda Johnson & Johnson vaksinasidan foynalanishni to‘xtatishga tavsiya qilishdi

Federal Sog‘liqni saqlash va odamlarga xizmat ko‘rsatish vazirligining Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish federal markazi (CDC) va Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) Johnson & Johnsonning vaksinasi bilan koronavirusga qarshi emlashga to‘xtatishni tavsiya qildi. “Ushbu vaksinadan ehtiyot chorasi sifatida foydalanishni to‘xtatib qo‘yishga tavsiya qilamiz”, deyiladi bayonotda. Regulyatorga ko‘ra, mutaxassislar preparatni qo‘llash bilan trombozlarning shakllanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tekshirmoqdalar. — FDA.