O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi binosining fasadini rekonstruksiya qilish va binoni ta’mirlash uchun 16,54 mlrd so‘m (Markaziy bankning 13 apreldagi kursiga ko‘ra, qariyb $1,57 mln.) miqdorida mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Bu boradagi ma’lumotlar davlat xaridlari portalida mavjud bo‘lib, bunga «Gazeta.uz» e’tibor qaratdi.


Portalda e’lon qilingan ma’lumotlarga muvofiq, Qonunchilik palatasining binosidan foydalanish boshqarmasi 2021 yilning 10 fevralida «Trest-12» AJ bilan shartnoma imzolagan.

Amalga oshiriladigan ishlar tahminan 16,54 mlrd so‘mga baholanmoqda. Ushbu mablag‘lar davlat byudjetidan moliyalashtiriladi. Bajarilgan ishlarning haqiqiy miqdori va pudratchining harajatlariga ko‘ra, sarflangan mablag‘larga aniqlik kiritiladi.


Portaldagi mavjud hujjatlarga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 noyabrdagi 505-f-sonli buyrug‘iga binoan loyihani tendersiz amalga oshirish va parallel ravishda ob’ektni loyihalashtirishga ruxsat berilgan. Ishlarni 2021 yilning iyun oyida yakunlash reja qilingan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Toshkentning Sharof Rashidov ko‘chasidagi (Mustaqillik maydoni yonida) ma’muriy bino rekonstruksiyasi va favvora ostiga avtoturargoh qurilishiga 431,5 mlrd so‘m sarflanishi mumkinligi haqida yozgan edi. Ushbu loyiha pudratchisi sifatida ham aksionerlari orasida qurilish vazirining o‘g‘li va rafiqasi bo‘lgan «Trest-12» AJ tanlangan.

Qonunchilik palatasining boshqa davlat xaridlari

2020 yilning 1 iyulida Qonunchilik palatasining binosidan foydalanish boshqarmasi prezident Administratsiyasining qurilish birlashmasi (PA QB) bilan shartnoma imzoladi. Kelishuv quyi palata binosini kapital ta’mirlash, hududni obodonlashtirish, tashqi yoritish, mebel va jihozlar bilan ta’minlashni nazarda tutadi (I bosqich). Ishlar qiymati 15,1 mlrd so‘m etib baholangan.

Boshqarma 2021 yilning 29 martida Qonunchilik palatasi binosini isitish, ventilyatsiya, havo sovutish uskunalarini o‘rnatish va aloqa tizimlarini mukammal ta’mirlash uchun PA QB bilan yana bir shartnomani tuzgan. Loyiha miqdori 47,7 mlrd so‘m etib baholangan. Mazkur lot uchun davlat xaridlari saytiga yuklangan hujjatlar bo‘m-bo‘sh bo‘lib chiqdi.