7 aprel kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 5-tur uchrashuvlaridan o‘rin olgan “Navbahor” — “Paxtakor” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Namangan markaziy o‘yingohida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 1:2 hisobida “Paxtakor” foydasiga hal bo‘ldi.

Bahsnining so‘nggi daqiqalarida bosh hakam tomonidan “Navbahor” darvozasi tomon penalti belgilandi. Ayni shu holat VAR tizimi orqali 6 daqiqa davomida ko‘rib chiqildi va yakunda shunday qaror qabul qilindi. Mazkur vaziyat esa bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Penaltidan kiritilgan gol orqali hisobda oldinga chiqib olgan “Paxtakor” o‘yin so‘nggiga qadar hisobni saqlab qoldi va 3 ochkoga ega bo‘ldi.

Bahs yakunlangandan keyin hakamlar va “Paxtakor” futbolchilari stadionni namanganlik muxlislar tomonidan turli vositalar uloqtirilayotgan holatda tark etishdi. Shuningdek, “Navbahor” jamoasi muxlislari stadion tashqarisida ham tartibsizliklar yuzaga keltirishdi. Ushbu jarayon aks etgan video lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Mazkur holat boʻyicha Namangan viloyati IIB munosabat bildirdi.

Unga koʻra, oʻyin yakunlangach, eʼtiroz bildirayotgan tomoshabinlarga tushuntirish va targʻibot ishlari olib borilib, tarqatish choralari koʻrildi. Hakam, mehmon oʻyinchilar va “Paxtakor” fan klubining 35 nafar aʼzolari nazorat ostida Namangan shahridan kuzatib qoʻyildi.

Uchrashuv davomida fuqarolar orasida hech qanday talofat yoki tan jarohat olish holatlari boʻlmadi.

Tomoshabinlar orasida faol eʼtiroz bildirib, boshqalarga taʼsir oʻtkazmoqchi boʻlgan 2 nafar futbol ishqibozi ajratib olingan. Fuqarolar Davlatobod tuman IIBga olib kelinib, tushuntirish ishlari olib borildi, deyiladi xabarida.