Oliy Majlis Senati va «Yuksalish» UMH hamkorligida tashkil etilgan jamoatchilik eshituvlari davomida O‘zbekistonda turizm salohiyatini pandemiya sharoitidan so‘ng tiklash va yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha bajarilgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.

Shu jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Kamilov «Haj» va «Umra» safarlari masalasiga to‘xtalib, bu Saudiya Arabistonidagi vaziyatga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

«Saudiya Arabistonida kundan-kunga kasallanish holatlari ko‘paymoqda. Kechagi ma’lumotni olib qarasak, bir kunda aniqlangan holat 600 nafardan oshdi. Aksari Makka va Ar-Riyoz hududiga to‘g‘ri kelayapti. O‘tgan kuni esa Madina shahrida ko‘proq edi. Shu sabab Saudiya Arabistoni to‘liq yopilgan. „Umra“ dasturlari hammasi to‘xtatilgan», — dedi qo‘mita vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, safarlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan hozirda yozishmalar olib borilmoqda.

«Jidda shahridagi konsullikda „Haj“ va „Umra“ ishlari bo‘yicha alohida attashe faoliyat ko‘rsatadi. Kecha ham biz ma’lumot oldik. Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi bayonotidan kelib chiqsak, ehtimol, agar vaziyat biroz barqarorlashsa, 17 maydan ular ochishi mumkin. Lekin hali ular Sog‘liqni saqlash vazirligini xulosasiga tayangan holda ish ko‘radi», — dedi Muzaffar Kamilov.

Bundan tashqari, ziyorat turizmini rivojlantirish, xorij davlatlari bilan ayni shu masalada hamkorlik qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.

«Oldimizda muborak ramazon oyi turibdi. Turkiyaning TRT telekanali orqali har kuni 15 daqiqadan 20 daqiqagacha bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda O‘zbekistonning ziyoratgohlarining tarixi, bugungi kundagi ahamiyati, islom olamidagi o‘rni haqida ma’lumotlar beriladi. Efir iftor yoki saharlik mahaliga mo‘ljallanayapti, buni hali kelishayapmiz», — dedi qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari.

Uning aytishicha, Turkiya va boshqa davlatlarining sayyohlari ko‘proq Buxoro viloyatidagi «Yetti pir» majmuasiga qiziqish bildirmoqda.

Avvalroq, Saudiya Arabistoni Haj vazirligi 5 aprel kuni Ramazon oyida COVID-19`ga qarshi emlangan ziyoratchilar uchun muqaddas joylarni ziyorat qilishga ruxsat berishini ma’lum qilgani haqida yozgan edik.