«Angren» erkin iqtisodiy zonasida joylashgan Birinchi Rezinotexnika Zavodi MCHJ shina ishlab chiqarish zavodi quvvatining 15 foizida ishlamoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov Hisob palatasining 2020 yil uchun hisobotiga tayanib xabar qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rezinotexnika zavodi (Bars brendi ostida shinalar ishlab chiqaradi) omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi. «Sababi doimgidek, sifat talabga javob bermaydi. So‘nggi ikki yilda UzAuto Motors 60 mln dollarga yaqin shina import qilgan», — deb yozadi deputat.

Alisher Qodirovning tushuntirish berishicha, Xitoy Eksimbankining jalb qilingan 156,4 million dollar mablag‘i hisobiga barpo etilgan zavod 3 mln dona shina ishlab chiqarishi va shinalar mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining importi o‘rnini qoplashi kerak edi.

«Loyiha noto‘g‘ri rejalashtirilganmi? Qarz to‘g‘ri ishlatildimi? Qarzdan kutilgan natija olindimi? Savollarga: „…harakatlar boshlangan, sifat sertifikatlari olinmoqda“, qabilida javob olindi. Lekin savol tug‘iladi: nimaga endi?» — degan savolni o‘rtaga tashladi u. Deputatning fikricha, bunday xatolar islohotlarga jiddiy zarar beradi.

Alisher Qodirov «Milliy tiklanish» partiyasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqovni ushbu masala bilan bir qatorda xorijiy qarz-investitsiyalarni samarali ishlatilayotganligi masalasida eshituvini tashkil etishini ma’lum qildi.

«Rezinotexnika» Sobiq Ittifoq davrida respublikadagi yirik rezinatexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi edi. Korxonaning loyihaviy quvvati yiliga yengil avtomobil va avtotirkamalar (profil 41/21) uchun 120 mingta shina, 9 mln juft maxsus oyoq kiyim, 600 ming kvadrat metr rezinali mato va 1000 tonna mahsulot rezinasini ishlab chiqarishni tashkil etgan. Rossiyadan xom ashyo yetkazib berish keskin tushib ketgani sababli korxona quvvati so‘nggi yillarda 5 foizdan pastroqqa pasayib ketdi.

2013 yil dekabrida «O‘zkimyosanoat» boshlang‘ich qiymati 190 mln dollar bo‘lgan qurilishga bosh pudratchi tanlash bo‘yicha tender e’lon qildi. Shu yilning avgustida tender bo‘lib o‘tmagan deb topildi. 2014 yil noyabrida «O‘zkimyosanoat» va Poly Technologies zavod qurilishiga shartnoma imzoladi. 2016 yil sentyabrida ob’ekt qurilishiga prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.

Zavod qurilishi 2018 yilning avgustida yakunlandi, Xitoyning Poly Technologies va Linglong kompaniyalari loyihaning bosh pudratchilari bo‘ldi.

2019 yilning aprelida Vazirlar Mahkamasi «Birinchi rezinatexnika zavodi»ni davlat xaridlari uchun qishloq xo‘jaligi texnikalari va avtomobil shinalarini yagona yetkazib beruvchisi etib belgiladi.

2019 yilning noyabrida O‘zbekiston va «Taftneft» «Birinchi rezinotexnika zavodi»ga egalik qiladigan qo‘shma korxona tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Rossiya kompaniyasi ishlab chiqarishga kamida 500 mln dollar tikishi xabar qilindi.

O‘tgan yili Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi zavodga birinchi darajali xarajatlarini qoplashga ssuda ko‘rinishida 40 mlrd so‘m ajratdi.