Misr Suvaysh kanali uchun 1 mlrd dollar tovon to‘lanishini talab kilmokda

Misr Ever Given yuk kemasi tufayli Suvaysh kanalining deyarli bir haftalik faoliyati to‘xtab qolgani uchun 1 mlrd dollardan ziyod tovon talab qilmoqda. «Bu mamlakatning huquqidir», dedi Suvaysh kanali ma’muriyati rahbari Usama Rabia. «Biz munosib miqdorni so‘raymiz. Biz kemani katta zarar va ziyonsiz qutqardik», deya qo‘shimcha qildi u. 1 mlrd ichiga kemani sayozlikdan chiqarish uchun asbob-uskuna, mashina, shuningdek, 800 ta qutqaruvchining xarajatlari kiradi. Tovonni kim to‘lashi kerakligi aniq ko‘rsatilmadi, ammo zarar masalasi sudga yetkazilsa, konteyner kemasi va uning yuklari Misrdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirildi. AP’ning ta’kidlashicha, bu jarayon murakkablashishi mumkin, chunki Ever Given Yaponiya kompaniyasiga tegishli bo‘lib, tayvanlik yuk tashuvchiga xizmat qiladi va Panama bayrog‘i ostida yuradi. RIA Novosti’ning yozishicha, Ever Given kemasining egasi Suvaysh kanalini to‘sib qo‘yganligi uchun pul to‘lashga rozi bo‘lgan. Bu haqda Misr prezidentining dengiz portlari va Suvaysh kanalini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi, admiral Mohab Mamish nashrga ma’lum qildi. «Yo‘q, vaziyat sud jarayoniga yetib bormaydi, kemaning egasi tinchlik kelishuviga erishish orqali tovon to‘lamoqchi», deya keltiradi nashr uning so‘zlarini. — Associated Press.

Hozirda, Suvaysh kanali orqali o‘tishi uchun navbatda turgan kemalar soni 206 taga qisqardi, deyiladi Leth Agencies xabarida. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, kanal ochilganidan buyon har ikki yo‘nalishda 357 ta kema o‘tgan.

23 mart kuni Evergreen kompaniyasiga tegishli «Ever Given» kemasi 3,5 mlrdlik yuk bilan Suvaysh kanalida sayozga o‘tirib qolgan edi. 29 mart kuni kema suv yuzasiga chiqarildi. Bloomberg Suvaysh kanalining bir soatlik ishlamay qolishi global savdo uchun 400 mln dollar, kuniga 9,6 mlrd dollarlik yo‘qotishlarga olib kelishi haqida yozgan edi.


Myanmadagi namoyishlar paytida yuzlab odamlar g‘oyib bo‘ldi

Myanma shaharlarida harbiy hukumatga qarshi namoyishlar boshlanganidan beri yuzlab odamlar g‘oyib bo‘ldi, deya xabar berdi Human Rights Watch (HRW) inson huquqlari tashkiloti. Huquq himoyachilarining fikriga ko‘ra, bu rasmiylar tomonidan uyushtirilgan. Xavfsizlik kuchlari, odatda fuqarolik kiyimida odamlarni uylaridan va ish joylaridan olib ketishadi va hibsga olinganlarning qayerdaligi haqida qarindoshlariga aytishdan bosh tortishadi. Hokimiyatning bunday harakatlari xalqaro konvensiyalarga ziddir, deya yozadi tashkilot. G‘oyib bo‘lganlar orasida siyosatchilar, rasmiylar, jurnalistlar, faollar va namoyishchilar borligi aytilmoqda. Yo‘qolganlarning kamida 16 oilasi HRW’ga qarindoshlari haqida ma’lumot berishdi. Ta’kidlanishicha, tashkilotda 2,5 mingdan ziyod hibsga olingan shaxslar haqida ma’lumot mavjud. — HRW.


Vengriya, Polsha bosh vazirlari va Italiyaning sobiq ichki ishlar vaziri o‘ng kuchlar ittifoqi to‘g‘risida kelishib oldilar

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy va Italiyaning sobiq ichki ishlar vaziri, «Liga» partiyasi rahbari Matteo Salvini Budapeshtdagi yig‘ilishda umumevropalik o‘ng qanot siyosiy birlashmasini tuzish ustida ishlashga kelishib olishdi. «Biz hujum qilish yoki yo‘q qilish uchun emas, balki bardoshli narsalarni qurish uchun yig‘ildik. Bu kun tarixga kiradi», dedi Salvini. «Biz Yevropa Ittifoqining yetakchisiga aylanmoqchimiz. Bu yerda 100 mlndan ortiq aholisi bo‘lgan uch mamlakat rahbariyatining vakillari to‘plandilar. Biz ushbu rejani muhokama qildik, amalga oshirish bugun boshlanadi», deya qo‘shimcha qildi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbusning maqsadi «Yevropa Ittifoqi yaratilgan poydevorlarni shubha ostiga qo‘yadigan chap kuchlarga muqobil bo‘lish uchun asos yaratish… Biz to‘rtinchi yoki ikkinchi siyosiy kuch bo‘lishni xohlamaymiz. Biz Yevropada birinchi bo‘lishimiz kerak». Mart oyining boshlarida Vengriya bosh vaziri o‘ng qanot kuchlarining yangi butun Yevropa alyansini tuzishni taklif qildi. «Yevropada bizning turdagi odamlar uchun, ya’ni oila institutini himoya qilishni, vatanimizni himoya qilishni istagan va ko‘proq birgalikda ishlaydiganlar uchun siyosiy panoh bo‘lishi kerak», dedi Orban. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqi muhojirlarga, «multikulturalizm»ga, LGBT jamoatchiligiga qarshi bo‘lgan, xristian qadriyatlarini targ‘ib qiluvchi va ayrim mamlakatlarning suverenitetini hurmat qiladigan tartibni yaratishga chaqirdi. — Interfaks.


Buyuk Britaniyada AstraZeneca vaksinasidan keyin trombozning 30 ta holati aniqlandi

Buyuk Britaniyaning Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini tartibga solish agentligi AstraZeneca koronavirus vaksinasi bilan emlanganidan so‘ng bemorlarda trombozning 30 ta holatini aniqlaganligini ma’lum qildi. Mamlakatda jami vaksinaning 18,1 million dozasi qo‘llanilgani aytilmoqda. Shu bilan birga, agentlik BioNTech va Pfizer tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinadan foydalangandan keyin bunday xabarlarni olmaganligini aytdi. — Interfaks.