2020 yilda korrupsiya holatlari bo‘yicha 2 270 kishiga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Bu haqda senat raisi Tanzila Narbayeva 29 mart kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida ma’lum qildi.

«Korrupsiya — hokimiyat va boshqaruv asoslarini yemiradigan, uning aholi oldidagi obro‘siga putur yetkazadigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qiladigan xavfli hodisa», — deya ta’kidladi senat raisi.

Narbayevaning ta’kidlashicha, «Transparency International» xalqaro nohukumat tashkilotining 2020 yil uchun e’lon qilingan korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston o‘rni 7 pog‘onaga yaxshilanib, 180 davlat orasida 146-o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, davlat rahbarining 2020 yil 2 iyundagi tegishli farmonida tasdiqlangan samaradorlik ko‘rsatkichiga (KPI) hali erishilmagan.

«Farmonda 25 balldan 27 ballga ko‘tarilish vazifasi qo‘yilgan. Lekin bor-yo‘g‘i 1 ballga (26 ball) ko‘tarilish qayd etilgan, xolos», — deydi senat raisi.

U amalga oshirilayotgan ishlarga qaramasdan korrupsiyaga qarshi kurashishda katta o‘zgarishga erishilmagani, bunday jinoyatlar hali kamaymaganini qayd etdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2020 yilda sudlar tomonidan korrupsiya holatlari bo‘yicha 2 ming 270 shaxsga nisbatan jinoyat ishlari ko‘rib chiqilgan. Ulardan:

  • 1056 nafar shaxsga nisbatan pora berish (211-modda);
  • 825 nafar shaxsga nisbatan mansab soxtakorligi (209-modda);
  • 184 nafar shaxsga nisbatan hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish (205-modda);
  • 133 nafar shaxsga nisbatan pora olish (210-modda) moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari ko‘rib chiqilgan.

Tahlillarga ko‘ra, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar asosan ishsizlar (23 foiz), ta’lim (17 foiz), tibbiyot (7 foiz), bank (5 foiz), qurilish (3 foiz), ichki ishlar (3 foiz) tizimi xodimlari tomonidan sodir etilgan.

Ushbu jinoyatlarning 89,4 foizi quyi bo‘g‘in (tuman, shahar yoki ularga tenglashtirilgan), 9,2 foizi o‘rta bo‘g‘in (viloyat yoki ularga tenglashtirilgan), 1,4 foizi yuqori bo‘g‘in (respublika yoki unga tenglashtirilgan) xodimlari yoki mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va «Ijtimoiy fikr» markaziga ushbu masala bo‘yicha aholi fikrini o‘rgangan holda Milliy kengashga taqdim etish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, йиғилishda qonun hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlarni tizimli davom ettirish lozimligi aytildi.

Aytilishicha, Adliya vazirligi tomonidan qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim va davlat xaridlari sohasidagi qonun hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilganda, 226 ta qonun hujjatining 65 tasida (29 foizi) 292 ta korrupsiyaviy omillar mavjudligi aniqlangan. Bular, asosan:

  • «normativ huquqiy hujjatlar o‘rtasida ziddiyatlarning mavjudligi» (81 ta);
  • «diskretsion vakolatlarning kengligi» (53 ta);
  • «ma’muriy tartib-taomillarning mavjud emasligi yoki to‘liq emasligi» (25 ta) bilan bog‘liq korrupsiyaviy omillardir.

Qurilish sohasidagi 44 ta qonun hujjatining 23 tasida 124 ta korrupsiyaviy omil, sog‘liqni saqlash sohasidagi 70 ta qonun hujjatining 13 tasida 41 ta korrupsiyaviy omil, oliy ta’lim sohasidagi 96 ta qonun hujjatining 17 tasida 81 ta korrupsiyaviy omil, davlat xaridlari sohasidagi 16 ta hujjatning 12 tasida 46 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan.

Tanzila Narbayevaning ta’kidlashicha, bu kabi omillar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sodir etilishiga ham sabab bo‘lmoqda. «Masalan, 2019 yilda 59 ta bu kabi huquqbuzarlik sodir etilgan bo‘lsa, 2020 yilda ushbu ko‘rsatkich 162 taga ortgan. Qolaversa, Hisob palatasi tomonidan 82 ta qurilish ob’ektida byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirishlarda 66 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan», — deydi u.