28 mart kuni taxminan 15:00da Toshkent markazida LGBT faollariga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi. Hodisa aks etgan videoyozuvlar ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi. Ularda bir necha o‘nlab erkaklarning Forumlar saroyi qarshisida yo‘lning harakat qismida yurgani va «Allohu akbar!» deb takbir aytgani aks etgan.

Kechqurun poytaxt IIBB 12 kishining qo‘lga olingani hamda holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi («Bezorilik») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini xabar qildi.

IIBB xabariga ko‘ra, 3−4 nafar fuqarolar T.S. ismli yigit va B.R. ismli qizni LGBT faollari deb gumonlab, ularni urishga harakat qilgan.

«Ushbu fuqarolarga 20−25 nafar boshqa shaxslar qo‘shilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, bezorilik harakatlarini sodir etishgan», — deyiladi xabarda. Videolavhada odamlar ko‘proq bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Hududda xizmat qilayotgan IIBB va Milliy gvardiya xodimlari aralashib, ikki yoshning tanasiga shikast yetkazmasliklari uchun ximoya qilishdi, ta’kidlandi xabarda. Biroq, keyinchalik bir guruh erkaklar yigitni kaltaklagani va qiz ham zarar ko‘rgani ma’lum bo‘ldi.

Qayd etilishicha, mazkur janjalda diniy mazmundagi nizo bo‘lmagan.

Alisher Qodirovning munosabati

Hodisadan bir necha soat o‘tib «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi va Qonunchilik palatasi spiker o‘rinbosari Alisher Qodirov Telegram-kanalida Jinoyat kodeksining 120-moddasini («Besoqolbozlik») yanada kuchaytirish zarurligini ma’lum qildi.

«Toshkentda besoqolbozlarning ruxsat berilmagan provakatsion mitingi o‘tkazilibdi. 70 ga yaqin miting ishtirokchilari tegishli surishtiruvlar uchun ushlangan. Tartibbuzarlarga tegishli chora ko‘rilishi aniq, lekin masala boshqa tomonda… Bu oddiygina tartibni buzish emas. Bu millat qadriyatlari va jamiyatning fundamental ustunlariga mayda-mayda, lekin yirik niyatlar bilan urilayotgan zarbadir», — dedi deputat.

Uning ta’kidlashicha, bu holat Jinoyat kodeksining 120-moddasini yanada kuchaytirishga ehtiyoj borligini yaqqol ko‘rsatdi. «Modda besoqolbozlik, LGBT g‘oyalarini har qanday shaklda targ‘ib qilishni ta’qiqlashi kerak. Albatta, jazo juda yumshoq. Bu modda sanksiyalari majburiy davolash, ozodlikdan mahrum etish, mamlakat fuqaroligini bekor qilish, mamlakatdan badarg‘a qilishgacha ko‘zda tutishi kerak», — dedi u.

«Terrorchilardek g‘urursizlarning ham millati bo‘lmaydi! SIZLARNI RAD ETAMIZ! O‘zbekiston sizdeklar yashay olmaydigan yurt bo‘lishi uchun hamma narsani qilamiz», — deya ta’kidladi Alisher Qodirov.

Rasul Kusherbayevning munosabati

Avvalroq O‘zLiDeP a’zosi, deputat Rasul Kusherbayev xalqaro tashkilotlarning JKning 120-moddasini bekor qilish to‘g‘risidagi chaqiriqlariga javoban bir jinsli munosabatlar qonuniylashtirilgan kun «bizning o‘lganimiz bo‘ladi», — degan edi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan namoyishdan so‘ng, Rasul Kusherbayev ham мuносабатбилдирди.

«Afsuski, Amir Temur hiyobonida bo‘lib o‘tgan tartibsizlik so‘z erkinligi chegarasini ochiqchasiga buzish va omma o‘rtasida ixtilof chiqarish yo‘lidagi harakat bo‘ldi. Balki ayrim yashirin kuchlarning maqsadiga yetish uchun ayni muddao bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin», — deb yozadi Rasul Kusherbayev.

«So‘z erkinligi shuki, bunda siz eshitishni istamagan shaxslarning fikriga qo‘shilmasangiz ham unga toqat qilish va pozitsiyangizni g‘oyalar baxsida himoya qilishdan iborat. Va bu hech qachon shaxsiyatga o‘tish yohud „provakatsiya“ orqali kuch ishlatishga olib kelishi kerakmas. Agar bu chegarani buzsangiz, demak so‘z erkinligi siz uchunmas. Aynan shu nuqtada so‘z erkinligining chegarasi tugaydi. U yog‘i esa qonunan javobgarlikka sabab bo‘luvchi tartibsizlik va haqoratga olib borishi mumkin. Jamiyat buni qabul qilolmasa, demak so‘z erkinligi tushunchasini anglash va undan foydalanishga ma’nan haqli emas», — deya ta’kidladi deputat.

Rasul Kusherbayev fikriga ko‘ra, LGBT masalasida jamiyatning aksari fikr orqali o‘z pozitsiyasini bildirmoqda.

«Tabiyatan ayol va erkak sifatida dunyoga kelib, tabiiy ravishda umr kechirayotgan saylovchilar fikri hamda o‘zimning shaxsiy qarashlarimdan kelib chiqib men ham bunga o‘z munosabatimni bildirdim: LGBT masalasiga qarshiman», — dedi u.

Deputat ta’kidlashicha, mazkur harakatlarda bunga nisbatan kuch ishlatish yohud tartibsizlik qilishga chaqirilmagan.

«Biz o‘zimizga yoqmasa ham uni mustaqil fikr sifatida toqat qilib tinglashga burchlimiz», — deb aytdi u.

Deputat so‘zlariga ko‘ra, eshitishni istamagan fikr va qarashlar, muammoli masalalar hech qachon kuch ishlatish va tartibsizlik qilish yo‘li bilan hal qilinmaydi.

«Bo‘lib o‘tgan tartibsizlikni jamiyatning ongli a’zosi sifatida hech qachon oqlay olmayman. Va barchani „olomon jamiyat“ qiyofasini ko‘rsatmay, muammolarni bosiqlik bilan „dialog“ orqali hal etadigan madaniyatli mamlakat fuqarolari sifatida namoyon qilishga chaqirib qolaman. Biz asli bunday emasmizku!», — ta’kidladi u.

«Tartibsizlik, «olomonlik» va «provakatsiya»ga yo‘l qo‘ymaylik! Tartibbuzar va bunga chorlovchi «provakator"larga esa qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab qolamiz», — deya ko‘shimcha qildi deputat.