Belarusda Ozodlik kunida 200 dan ortiq kishi hibsga olindi

Belarus Ichki ishlar vazirligi 25 mart — Ozodlik kunini nishonlash paytida ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun 200 dan ortiq odam hibsga olingani haqida ma’lum qildi. Minskda 136 kishi, mamlakatning 19 shahrida 50 dan ortiq kishi hibsga olingani aytilmoqda. Ba’zi fuqarolar uy tintuvlaridan so‘ng hibsga olingan, boshqalari esa ko‘chalarda. O‘sha kuni Minskda harbiy texnika, jumladan bronetransportyorlar, razvedka va patrul transport vositalari, yuk mashinalari, dala oshxonalari ko‘rindi. Poytaxt aholisi shahar ko‘chalari bo‘ylab yurishdi, haydovchilar esa faol ravishda signal chalishdi. Respublikada ro‘yxatdan o‘tmagan «Vesna» inson huquqlari markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 25 mart kuni mamlakat bo‘ylab 245 kishi, ularning 176 nafari Minskda hibsga olindi. — Gazeta.uz

Iroda kuni — Belarusda 1918 yil 25 martda Belarus Xalq Respublikasi e’lon qilingan yilligi norasmiy darajada nishonlanadi. Avvalroq, Minsk shahar Ijroiya qo‘mitasi Iroda kunidagi namoyish va mitingni rasman taqiqlagan edi.


Hindistondagi fermerlar yangi qonunlarga norozilik sifatida yo‘llarni to‘sishdi

Hindistonda qishloq xo‘jaligi to‘g‘risidagi yangi qonunlarga qarshi norozilik bildirgan fermerlar 25 mart kuni mamlakat bo‘ylab bir qator temir va magistral yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi. «Bharat Bandh» («Hindistonni qulfla») aksiyasi tong otgandan boshlanib va mahalliy vaqt bilan soat 18:00da tugashi ma’lum qilindi. Dehli chekkasida o‘tgan yilning noyabr oyi oxiridan boshlab fermer va dehqon uyushmalarining minglab vakillari norozilik namoyishlarini o‘tkazib, qishloq xo‘jaligi to‘g‘risidagi yangi qonunlarni bekor qilishni talab qilishmoqda. Rasmiy ravishda, qonunlar fermerlarga o‘z mahsulotlarini tijorat bozorida mamlakatning istalgan nuqtasida sotish imkoniyatini berish orqali daromadlarini oshirishni nazarda tutadi. Ammo namoyishchilar bu qonunlar amalda dilerlarga ko‘proq kuch beradi, shuningdek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olishning kafolatlangan minimal narxini bekor qilishga olib keladi, deya hisoblashadi. Namoyishchilar qonunlarning to‘liq bekor qilinishini talab qilsa, hukumat esa ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha muhokama qilishga tayyorligini ta’kidlamoqda. — TASS.


Britaniya parlamenti pandemiya paytida hukumatning maxsus vakolatlarini olti oyga uzaytirdi

Buyuk Britaniya parlamentining jamoalar palatasi 25 mart kuni koronavirus pandemiyasi avj olishi munosabati bilan hokimiyat va politsiya vakolatlarini kengaytiruvchi qonunni yana olti oyga uzaytirdi. Ushbu qonun, xususan, hokimiyatga maktablarni yopish, ko‘p odamlar ishtirokidagi ommaviy yig‘ilishlar yoki boshqa tadbirlarni cheklash, shuningdek, pandemiyaga qarshi kurashish uchun kiritilgan qoidalarni buzganlarga jarima solishga imkon beradi. Bundan tashqari, deputatlar Boris Jonson hukumati tomonidan ishlab chiqilgan karantindan bosqichma-bosqich chiqish rejasini ham ma’qullashdi. — Sky News.


Misrda poyezdlar to‘qnashuvi natijasida 30 dan ortiq odam halok bo‘ldi

Foto: twitter.com/EgyptTodayMag

Misrda ikki poyezd to‘qnashuvi natijasida kamida 32 kishi halok bo‘ldi. Yana 66 kishi jarohat olgan. Hodisa Misrning Sohag provinsiyasining shimolida sodir bo‘ldi. Nashrning yozishicha, poyezdlar juda katta tezlikda harakatlanmagan, shu sababli to‘qnashuvda faqat ikkita vagon pachoqlangan, uchinchisi ag‘darilgan. — The Jerusalem Post.


Saudiya Arabistoni Jizondagi neft omboriga hujum uyushtirilgani haqida xabar berdi

25 mart kuni kechqurun Saudiya Arabistonidagi neft tarqatish stansiyasiga hujum uyushtirildi. Manbaga ko‘ra, hujum mahalliy vaqt bilan soat 21:00da Jizon shahrida sodir bo‘lgan. Otishma natijasida yoqilg‘i saqlanadigan joylardan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Jabrlanganlar yo‘qligi aytilmoqda. Avvalroq, o‘sha kuni Saudiya Arabistoni harbiy kuchlari hutiylar tomonidan uchirilgan sakkizta dronni (portlovchi uskunalar bilan) ushlab qolishdi. — Saudi Press Agency.


Yevropa Ittifoqi Suriyadan kelgan qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Turkiyaga 6 mlrd yevro ajratdi

Yevropa Ittifoqi Suriyadan kelgan 4 mln qochqinni qo‘llab-quvvatlash uchun Turkiyaga 6 mlrd yevro ajratdi, shundan 4 mlrd yevro sarflandi, deya ma’lum qildi Yevropa Komissiyasi (YeK) rahbari Ursula fon der Lyayen. YeK rahbari Yevropa Ittifoqi bu yerda to‘xtash niyatida emasligini va Suriyadan kelgan muhojirlarning minimal ehtiyojlarini qondirish uchun Anqaraga mablag‘ ajratishda davom etishini ta’kidladi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Suriyadagi tinch va qayta tiklanadigan hududlarga odamlarni qaytarish bo‘yicha harakatlarini moliyalashtirishni bo‘yicha takliflarini e’tiborsiz qoldirib, «qochqinlarni munosib ravishda qaytarish uchun shartlar hali bajarilmagan» deb ta’kidlamoqda. — TASS.


Nur-Sultondagi reanimatsiya bo‘limlari COVID-19ga chalingan bemorlar bilan to‘lib ketdi

Nur-Sultonda COVID-19ga chalingan bemorlar uchun kasalxonalarda qo‘shimcha yotoqlar joylashtirilmoqda, reanimatsiya bo‘limlari to‘lib ketgan, dedi Qozog‘iston poytaxti sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Timur Muratov. «Travmatologiya va ortopediya Ilmiy-tadqiqot instituti negizida infeksion statsionarni ochishimizga to‘g‘ri keldi. Afsuski, kasallanish darajasi keskin oshdi. Mavjud 720 yotoq yetarli emas. So‘nggi oyda virus ko‘pincha hayot uchun xavfli asoratlarni keltirib chiqarmoqda», deya yozmoqda Muratov ijtimoiy tarmoqda. — Interfaks.


Xiaomi elektromobillar ishlab chiqaradi

Xitoyning Xiaomi telefon ishlab chiqaruvchisi o‘z brendi ostida elektromobillar ishlab chiqaradi. Avtomobillar mamlakatning eng yirik yuk mashinalari ishlab chiqaruvchisi Great Wall zavodida yig‘ilishi ta’kidlandi. Xiaomi’ning birinchi elektromobillari 2023 yilda chiqishi kutilmoqda. Ularning dasturiy ta’minoti kompaniyaning boshqa qurilmalari bilan mos kelishi taxmin qilinmoqda. — Meduza.