26 mart kuni Qirg‘iziston hukumati delegatsiyasining rahbari Qamchibek Tashiyev Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari o‘rtasidagi uchrashuv natijalarini taqdim etdi, deya xabar berdi AKIpress axborot agentligi.

Eslatib o‘tamiz, 25 mart kuni hukumatlararo komissiya yig‘ilishida qatnashish uchun Toshkentga Qirg‘iziston bosh vaziri Ulug‘bek Maripov tashrif buyurgan edi.

«Qirg‘iz-o‘zbek chegaralarida endi bahsli hududlar bo‘lmaydi», — dedi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev.

Tashiyevning ta’kidlashicha, tomonlar loyiha chizig‘ining Kampir-Obod (Andijon) suv ombori hududida 900 gorizontal ostidan 312-raqamli chegara nuqtasidan 312/3-raqamli chegara nuqtasigacha o‘tishi to‘g‘risida kelishib olishgan. Quyidagi shartlar bajarilsa to‘g‘on O‘zbekiston hududida qoladi:

  • Kampir-Obod suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risida hukumatlararo kelishuvni imzolash. Bunda, uni 900 gorizontaldan yuqoriga to‘ldirmaslik kerak bo‘ladi, favqulodda vaziyat bundan istisno;
  • O‘zbekiston tomoni Qirg‘iziston fuqarolarini suvdan erkin va to‘siqlarsiz foydalanishini ta’minlashi kerak bo‘ladi. Bunga baliqchilik, sug‘orish, hayvonlarga suv berish va boshqalar kiradi;
  • O‘zbekiston tomoni suv ombori «piyolasi»ning atrofida muhandislik-texnik qurilmalarni o‘rnatmaslik majburiyatini oladi.

Qamchibek Tashiyevning ma’lum qilishicha, demarkatsiya jarayonida O‘zbekiston Andijon viloyatining O‘sh viloyati Uzgen tumani va Jalol-Obod viloyatining So‘zak tumanlari bilan chegaradosh hududdagi 304 va 312-raqamli chegara nuqtalari oralig‘idagi 1000 ga yerni tovon sifatida Qirg‘izistonga topshiradi.

Shu munosabat bilan, tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston suv xo‘jaligi tashkilotlariga Kampir-Obod suv omborining suv resurslaridan birgalikda foydalanish va boshqarish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv loyihasini ishlab chiqish topshirig‘ini berishdi.

Shuningdek, tomonlar Shaxrixonsoy kanalining hududlarini (chap tomoni), 312 va 312/3 chegara nuqtalari hududidagi Andijon suv ombori to‘g‘onini, kanaldan to‘g‘on o‘rtasigacha, O‘zbekistonga 50 ga yerni qoldirib, xatlovdan o‘tkazishga kelishib olishgan.

O‘zbekiston tomoni demarkatsiya jarayoni davomida Andijon viloyati va O‘sh viloyati Uzgen tumani bilan chegaradosh hududda 304 va 312-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 50 ga yerni Qirg‘izistonga tovon sifatida topshiradi.

O‘rta-To‘qay (Kosonsoy) suv ombori qurilishi uchun ajratilgan yerlarning tovoni sifatida Ko‘k-Serek (Qoraqo‘rg‘on) hududi xatlovdan o‘tkaziladi, bunda 23 va 24-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 105 ga yer Qirg‘iziston hududida qoladi.

Ikki mamlakat quyidagi hududlarni ham xatlovdan o‘tkazishga kelishib olishdi:

  • Bayastan hududi, 81 va 82-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 212 ga yer Qirg‘iziston hududida qoladi;
  • Savay hududi, 312/4 va 312/6-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 100 ga yer Qirg‘iziston hududida qoladi;
  • Unkar-Too hududi, 113 va 114-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 35 ga yer Qirg‘iziston hududida qoladi;
  • demarkatsiya vaqtida Beles hududi qayta xatlovdan o‘tkaziladi, 25 va 27-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 25 ga yer Qirg‘iziston hududida qoladi;
  • qo‘shma dala tadqiqotlaridan so‘ng Gavasoy hududi xatlovdan o‘tkaziladi, bunda Kampir-Obod kanalining qurilmagan chap sohili evaziga Qirg‘izistonga 8000ga yer qoldiriladi.

Bundan tashqari, tomonlar Chashma bulog‘ikdan birgalikda foydalanish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv loyihasini tayyorlashadi. Tomonlar ishchi guruhlarga qo‘shma dala tadqiqotlarini o‘tkazshini va yuqorida keltirilgan hududlarni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha taklif tayyorlash uchun topshiriq berishdi.

Oldinroq, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara hududlari orasidagi nazorat-o‘tkazish punktlarini ochish to‘g‘risida kelishganligi haqida xabar berilgan edi. Qirg‘iziston So‘x anklaviga aviayo‘nalish ochishga tayyor ekanligini bildirgan edi.