Rossiyaga ketish istagidagi o‘nlab mehnat migrantlariga aviachiptalar sezilarli darajada qimmat narxda sotilayotganini o‘rganayotgan Kun.uz muxbiriga Samarqandda tahdid qilindi.

Nashrning ma’lum qilishicha, Rossiyadagi «Pik Industriya», «Texnostroy» kabi qurilish tashkilotlari orqali Rossiyaga ishlashga borgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga aviachiptalar 4,5 mln so‘mdan sotilgan. Vaholanki aviachiptalar bozordagi narxi bir tomonga 2,5 mln so‘m bo‘lgan.

Chiptalarni Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasi, 47-uyda joylashgan, «Pik Industriya», «Texnostroy» kabi tashkilotlarning shartnoma asosida O‘zbekistondagi ishonchli vakili hisoblangan «Panorama bolalar uyi» MCHJ sotgan.

Shu bois, Kun.uz jurnalisti Anvar Mustafoqulov 19 mart kuni mavjud ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida ayrim savollar bilan firma idorasiga borgan.

Muxbirning aytishicha, dastlab, undan telefonni o‘chirib turishni, vaziyat bo‘yicha gaplashib olishlarini bildirishgan, so‘ngra turli haqoratli so‘zlar bilan haqoratlab, o‘ldirish bilan tahdid qilishgan va kuch ishlatishga urinishlar bo‘lgan. Vaziyat jiddiyligi oydinlashgach, muxbir u yerdan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati mazkur holat yuzasidan bayonot berdi. Qayd etilishicha, jurnalist viloyat IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Hozirda ariza yuzasidan, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.