Shimoliy Koreya Malayziya bilan diplomatik aloqalarni uzdi

KXDR Tashqi ishlar vazirligi Shimoliy Koreya fuqarosi AQSHga ekstraditsiya qilingani sababli Malayziya bilan diplomatik aloqalarni uzishini e’lon qildi. Federal qidiruv byurosi (FBI) Malayziyada yashovchi shimoliy koreyalik ishbilarmonni BMT sanksiyalarini buzgan holda Singapurdan Pxenyanga taqiqlangan mahsulotlarni yetkazib berishda aybladi. Malayziya Oliy sudi uni ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi KXDR iltimosnomasini rad etib, AQSHga topshirishga ruxsat berdi. Pxenyanning aytishicha, tadbirkor “qonuniy tashqi savdo faoliyati” bilan shug‘ullangan. “Bu voqea butun dunyoga hayratlanarli bo‘lib, AQSHning mamlakatimizni yakkalash va bo‘g‘ishga qaratilgan dushmanlik siyosatidan hamda Malayziya hukumati tomonidan Amerika tarafdori xizmatkorligidan kelib chiqqan holda Koreyaga qarshi fitnaning aniq mahsuli hisoblanadi”, deyiladi rasmiy bayonotda. Buning fonida Pxenyan “AQSHning bosimi foydasiga KXDRga qarshi dushmanlik qilgan” Malayziya bilan diplomatik munosabatlarni uzishga qaror qildi. Shimoliy Koreya Malayziya rasmiylari ikki mamlakat o‘rtasida yuzaga keladigan barcha oqibatlarga to‘liq javobgar bo‘lishini ogohlantirdi. Pxenyan, shuningdek, AQSH “bu voqeada parda ortidagi manipulyator va asosiy aybdor” sifatida “munosib haq to‘lashini” aytdi. — KCNA.

Malayziya KXDRning ikki tomonlama diplomatik aloqalarni uzish to‘g‘risidagi qororini hurmatsizlik va do‘stona emas deya atab, Shimoliy Koreya elchixonasi xodimlari va ularning oilalaridan 48 soat ichida mamlakatni tark etishlarini talab qildi. Bu haqda Malayziya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Tailand kelganlar uchun karantin muddatini 10 kungacha qisqartirdi

Tailand rasmiylari 1 apreldan mamlakatga kelgan fuqarolar uchun karantin muddatini ikki haftadan 10 kungacha qisqartirdi. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, yangi chora pandemiya sababli mamlakatda iqtisodiyot va turizmning og‘ir ahvoli bilan bog‘liq holda amalga oshirilmoqda. Ta’kidlanishicha, karantin muddatining qisqartirilishi virusning yangi shtammlari qayd qilingan mamlakatlardan tashrif buyuruvchilarga taalluqli emas. Shu bilan birga, 8 mart kuni mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga qarshi emlangan chet el fuqarolari uchun aprel oyidan boshlab majburiy karantin muddati yetti kungacha qisqartirilishini aytgan edi. — Sinxua.

Norvegiyada bosh vazir tomonidan cheklovlarning ehtimoliy buzilish holatlari tekshirilmoqda

Norvegiya politsiyasi bosh vazir Erna Sulbergning 60 yoshini nishonlash paytida yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun buzilgan bo‘lishi mumkinligi bo‘yicha tergov ishlarini boshlamoqda. “Tergov aslida nima bo‘lganiga va faqat mahalliy yoki markaziy cheklovlar buzilganligiga oydinlik kiritadi”, — deyiladi politsiya bayonotida. Politsiya mumkin bo‘lgan qonunbuzarliklar to‘g‘risida ma’lumotni OAV materiallaridan va Sulbergning so‘zlaridan olgan. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida bosh vazirning oilasi uning tug‘ilgan kunini nishonlash uchun ikki marotaba yig‘ilgan va pandemiya sababli mavjud cheklovlarga qaramay, har ikkala safar ham 10 dan ortiq kishi qatnashgan. — NRK.

Yevropada AstraZeneca vaksinasi bilan emlash jarayoni qayta tiklandi

Yevropa mamlakatlari AstraZeneca preparati bilan koronavirusga qarshi emlashni qayta boshlashdi. Germaniya va Fransiya hukumatlari yaqin kelajakda aholini emlash jarayonini qayta tiklashga va’da berishdi. Fransiya bosh vaziri Jan Kasteks 19 mart kuni aholining ushbu dori-darmonga bo‘lgan ishonchini tiklash uchun shaxsan o‘zi emlanishini aytdi. Italiya, Ispaniya, Bolgariya, Portugaliya va Sloveniya ham AstraZeneca vaksinasini qayta qo‘llashni boshlaydi. Shvetsiya hanuzgacha uning xavfsizligi bo‘yicha o‘z tekshiruvini olib bormoqda. 18 mart kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson AstraZeneca vaksinasi bilan emlanishga va’da bergan edi. “Barchamizga imkon qadar tezroq emlanish kerak. Va ertaga o‘zim emlanaman”, — dedi u. U buni amalga oshiradigan vaksinatsiya markazida AstraZeneca va Oksford universitetining dori vositalari ishlatilishini ta’kidladi. — Bloomberg.

Turkiya Suriyadan o‘z hududiga raketa hujumi haqida ma’lum qildi

Turkiyaning Kilis viloyati Suriyadan raketa hujumiga uchradi, deya xabar qildi Turkiya mudofaa vazirligi payshanba kuni kechqurun. “Suriyadan otilgan raketalar Kilis viloyatidagi cho‘l zonasiga tushdi. Qurbonlar yo‘q. Zarar ko‘rilmadi”, deyiladi bayonotda. Turkiya OAV mamlakat rasmiylariga murojaat qilib, o‘q otish natijasida hech kim jabrlanmagan va turk harbiylari javob qaytarib o‘q uzganini ta’kidlamoqdalar. — Turkiya Mudofaa vazirligi.

Tanzaniya tarixida ilk bor ayol kishi prezident lavozimini egalladi

Bundan avval Tanzaniya vitse-prezidenti bo‘lgan Samiya Suluhu Hasan 19 mart kuni qasamyod qilib, mamlakat tarixida birinchi ayol prezident bo‘ldi, deb xabar qilmoqda mahalliy OAV. “Men, Samiya Suluhu Hasan, halol bo‘lishga, Tanzaniya konstitutsiyasiga rioya qilishga va uni himoya qilishga va’da beraman”, — deya OAV prezidentning qasamyodidan iqtibos keltiradi. Tanzaniyaning sobiq prezidenti Jon Magufuli 17 mart kuni 61 yoshida vafot etdi. U 2015 yildan buyon davlat rahbari sifatida ishlab kelgan. — Интерфакс.