Toshkentda «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ direktori o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i 3 mln so‘m pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, 16 mart kuni IIVga fuqaro A.E. ariza bilan murojaat qilgan. U tadbirkorlik qilish maqsadida Yunusobod tumani Markaz-6 dagi bekatni ijaraga olgan va bekatga o‘tgan suv quvuriga ulanib, hisoblagich o‘rnatgan va hujjatlashtirish uchun Toshkent shahar «Suvsoz» boshqarmasiga murojaat qilgan.

Korxonaning «Mirolim» ismli xodimi suv quvurini o‘zboshimchalik bilan ulaganligini ro‘kach qilib, jarimaga tortmaslik evaziga 3 mln so‘m berishini talab qilayotganligini ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shu kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ bo‘lim boshlig‘i H.M. Toshkent shahar Uchtepa hokimligi yaqinida ariza muallifi A.E. dan 3 mln so‘m olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ushlangan shaxs ushbu pullarni «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ direktor o‘rinbosari P.R.ning topshirig‘iga asosan olganligini va pullarning bir qismini unga berishi lozimligini ma’lum qilgan.

17 mart kuni tezkor tadbir davom ettirilib, P.R. xizmat xonasida H.M.dan 3 mln so‘m miqdoridagi pullardan, 1 mln 800 ming so‘mini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan, 2021 yil 17 mart kuni Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, P.R. va H.M. Jinoyat protsessual kodeksning 224-moddasi tartibida ushlanganlar. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.