Bugun AOKAda bo‘lib o‘tgan «O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat, vaksinatsiya jarayonlariga tayyorgarlik» mavzusidagi matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov 5 mart kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ta’lim muassasasi tarbiyachisi M.M.ning qaynotasi Zangiotadagi shifoxonaga koronavirus infeksiyasi tashxisi bilan yetkazilgan va 7 mart kuni vafot etganligi to‘g‘risidagi xabarga izoh berdi.

Nurmat Otabekovning qayt etishicha, SVV ushbu o‘lim holati chindan ham koronavirus bilan bog‘liq yoki yo‘q ekanligi natijasini kutmoqda.

«Jalilovning vafoti haqidagi ma’lumot statistik raqamlarda o‘z aksini topmaganligi to‘g‘risida aniqlik kiritadigan bo‘lsak, bemordan dastlabki olingan namuna musbat natija bergan va bemor Zangiotadagi shifoxonaga yotqizilgan. Zangiotadagi shifoxonada referens laboratoriya mavjud bo‘lib, u yerda olingan namuna manfiy natija bergan. SVV patologik anatomiya tekshirishlar natijalarini kutyapti. Qachonki, mutaxassislar qayd etilgan o‘lim koronavirus bilan bog‘liqligini tasdiqlasa, shundagina bu statistika raqamiga qo‘shiladi. O‘limlar sonining 622 ta yoki 623 ta bo‘lishi, bu — jiddiy ob-havo yaratmaydi», — deydi Nurmat Otabekov.

Ma’lumot uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha mamlakatda 10 fevraldan beri koronavirus asoratlari oqibatida birorta o‘lim qayd etilmagan. 5 mart kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ta’lim muassasasi tarbiyachisi M.M.ning qaynotasi Zangiotadagi shifoxonaga koronavirus infeksiyasi tashxisi bilan yetkazilgan va 7 mart kuni vafot etgan edi.