16 mart kuni Rossiyaning Shimco Group va Slovakiyaning Chirana kompaniyalari Toshkent shahrida o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qilish apparatlarini (IVL) ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirdi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Chirana Asia» nomi ostida faoliyat boshlagan Rossiya-Slovakiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi yiliga 500 ta IVL ishlab chiqara oladi. Ishlab chiqarishning umumiy miqdori 6 mln dollarga teng.

Shimco Group prezidenti Vasiliy Shimko 2020 yil may oyida birinchi IVL apparatini Toshkent shahridagi 1-sonli Respublika klinik kasalxonasiga topshirilganligini aytdi.

Ishlab chiqarishning birinchi bosqichida kompaniya IVL apparatlari ishlab chiqarish uchun 2 mln dollar sarmoya kiritgan.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 80 foizigacha bo‘lgan hajmi Markaziy Osiyo mamlakatlariga — birinchi navbatda Afg‘onistonga eksport qilinishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, kompaniya Tojikiston va Qirg‘iziston bilan shartnomalar tuzgan.

Ma’lumot uchun, 2020 yil aprel oyida Slovakiyaning Chirana kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasi apparatlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.