15 mart kuni O‘FA Hakamlik qo‘mitasi tomonidan «So‘g‘diyona» — «Turon» uchrashuvini boshqarib borgan bosh hakam Viktor Serazitdinovning o‘yin davomidagi xatti-harakatlari atroflicha tahlil qilindi va hakamlik faoliyatidan nomuayyan muddatga chetlatildi, deya xabar berdi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, 14 mart kuni O‘zbekiston Superligasining 2-turidan o‘rin olgan «So‘g‘diyona» — «Turon» uchrashuvida yuzaga kelgan holatlar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan edi. «Turon» jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov o‘yindan keyin aynan hakamlik hamda futboldagi korrupsiya haqida gapirib, ularni kim nazorat qilishini, qachon bunday holatlarga nuqta qo‘yilishi haqida so‘ragan edi.

Mutaxassislar «So‘g‘diyona» — «Turon» uchrashuvi video-lavhasini qayta ko‘rib, vaziyatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdi. Tahlil natijasida, bosh hakam Viktor Serazitdinov uchrashuvning 29-daqiqasida «So‘g‘diyona» darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasi belgilamaganligi aniqlandi. Shuningdek, bosh hakam 52-daqiqada «Turon» futbolchisi o‘z jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi deya baholab, penalti belgilagan vaziyat xato ekanligi Qo‘mita vakillari tomonidan qayd etildi.

O‘FA Hakamlik qo‘mitasining yakuniy qaroriga muvofiq, qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yganligi hamda ushbu xatolar o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazganligi sababli Viktor Serazitdinovning mazkur uchrashuvdagi faoliyati qoniqarsiz deb baholandi va hakamlik faoliyatidan nomuayyan muddatga chetlatildi.

Shuningdek, O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan mazkur holat bo‘yicha tegishli ma’lumotlar, mazkur futbol uchrashuvi qaydnomasi va inspektor hisoboti, videomateriallarni o‘rganib chiqish ishlari boshlandi. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda O‘FA Etika qo‘mitasi tegishli tartibda ko‘rib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi.