14 mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi doirasida 2-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Jizzax shahrida viloyatning bosh jamoasi «So‘g‘diyona» Yaypanning «Turon» klubini qabul qildi. Ushbu o‘yin jizzaxliklarning 1:0 hisobida g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yindagi yagona golni 52-daqiqada Shohruz Norxonov penaltidan kiritdi.

O‘yindagi esda qolarli vaziyat sifatida aynan kiritlgan gol bo‘lishdan avvalgi, penalti belgilangan vaziyat bo‘ldi. Unda «So‘g‘diyona» futbolchisining bergan zarbasi «Turon» futbolchisining boshiga tegdi. Biroq o‘yinni boshqarib borgan bosh hakam Viktor Seraziddinov ushbu vaziyatni penalti, deya baholadi.

Uchrashuvdan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani «Turon» jamoasi bosh murabbiy Islombek Ismoilov bu kabi holatlar qachongacha davom etishini, futboldagi korrupsiya yo‘qolmayotgani, unga qarshi qachongacha kurashish mumkin ekanligi kabi fikrlarni bildirdi.

«Bularga kim chora ko‘radi? Bu narsalarga qachongacha chidash mumkin? Tozalaymiz, deyishyapti, shumi tozalagani? Ikki o‘yindan beri umuman futbol yo‘q. Hushtak, hushtak, hushtak!!! Kim bularga chora ko‘radi? Bir jamoada 70−80 nafardan oshiq xodim mehnat qilyapti. Bola-chaqasini boqaman deyapti. Uchta odam esa „kallasini olib tashlayapti“. Adolat shumi? Shumi O‘zbekistonda adolat? Qachongacha korrupsiyaga qarshi kurashish mumkin?», — deydi «Turon» jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov.

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Professional futbol ligasi rahbari Diyor Imomxo‘jayev keyingi turda Yaypanda VAR tizimi bo‘lishi, jamoa bugungi kungacha soliq organlari sabab aziyat chekayotganini aytib o‘tdi. «Bu ketishda misqollab yig‘ayotgan xususiy klublarimizni ham yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin», — deydi Imomxo‘jayev.

«Gazeta.uz» «So‘g‘diyona» — «Turon» uchrashuvidagi hakamlik va undan keyingi jarayonlar haqida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan izoh so‘rash uchun bog‘lanmoqchi bo‘ldik, biroq O‘FA qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.