Buxoro davlat universitetida 8 mart kuni talabalar tomonidan taqdim etilgan sovg‘adan noroziligini bildirgan o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Internetda o‘qituvchi va talabalardan biri o‘rtasidagi yozishmalarning skrinshoti paydo bo‘ldi. Matnga ko‘ra, o‘qituvchiga gullar va 200 ming so‘m sovg‘a qilingan. U «o‘z obro‘sini arzimagan narsa bilan bulg‘amasligini» yozib, talabalar uni haqiqatan ham «arzon», «sodda» va «kishloqi» hisoblaydilarmi, deya so‘ragan. Oxirida «Endi hamma narsa boshqacha bo‘ladi» deb ogohlantirgan.

Skrinshotni joylashtirgan Troll.uz kanali muallifi Umid Gafurov: «Bu maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti. Ya’ni, bu odamlar kelajakdagi o‘qituvchilarni tayyorlashmoqda», deb yozadi.

«Menimcha bunday odamlar bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlamasligi kerak. Yozgan xabarlari haqida gapirmasa ham bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Oliy ta’lim vazirligining xabarida o‘qituvchining «xatti-harakatlari ustoz sha’ni va maqomiga xos bo‘lmaganligi» qayd etilgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati tizimda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi hamda manfaatlar to‘qnashuviga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘ladi va shu kunlarda oliy ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi «komplayens nazorat» tizimi joriy etilayotganini ma’lum qiladi, deyiladi bayonotda.

Vazirlik jamoatchilik nazoratini amalga oshirgan ijtimoiy tarmoqlar vakillari va talabalarga minnatdorchilik bildirib, ushbu holat barcha oliy ta’lim muassasalarida muhokama qilinishini ma’lum qildi.

Buxoro davlat universiteti ham voqea haqida xabarni e’lon qildi.