Turkiya va Misrning diplomatik darajadagi aloqalari qayta tiklanmoqda

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li 12 mart kuni Anqara va Qohira o‘rtasida diplomatik darajadagi aloqalar tiklanganini e’lon qildi. “Aloqalar ko‘p yillar oldin uzilgan edi, shuning uchun hech narsa bo‘lmagandek bir kunda munosabatlarni tiklash mumkin emas. Buning uchun ketma-ket uchrashuvlar, yo‘l xaritasini belgilash va shundan kelib chiqqan holda ishlashimiz kerak”, dedi u Anadolu bilan suhbatda. — Misr bilan razvedka idoralari o‘rtasida va tashqi ishlar idoralari darajasida aloqalarimiz bor. Diplomatik darajadagi aloqalarni ham boshladik". Turkiya va Misr o‘rtasidagi munosabatlar 2013 yilda Misr prezidenti Muhammad Mursi hokimiyatdan ag‘darilgandan so‘ng keskin yomonlashdi, shundan so‘ng tomonlar o‘z elchilarini chaqirib olishgan edi. Turkiya prezidenti Toyyip Erdo‘g‘an bundan oldin ham bir necha bor Misr prezidenti Abdel Fattoh as-Sisini “zolim” deb atagan edi. Shu bilan birga, Chavusho‘g‘li “bir necha bor Misr tashqi ishlar vaziri Sameh Shukri bilan turli xalqaro maydonchalarda ko‘rishganini” ta’kidladi. —  Anadolu.

Yaponiya chet eldan kuniga 2 minggacha odam qabul qiladi

Yaponiya hukumati koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish doirasida chet eldan mamlakatga kiradigan odamlar soniga kuniga 2 ming kishilik cheklov qo‘yishga qaror qildi. Bu haqda Tokioda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida davlat yerlari, infratuzilma, transport va turizm vaziri Kadzuyosi Akaba ma’lum qildi. “Karantin choralarini samarali amalga oshirish uchun, — dedi u, — hozirgi kunda Yaponiyaga, shu jumladan, mamlakatimiz fuqarolari va uzoq muddatli vizalari bo‘lgan shaxslar soniga kuniga 2 ming kishilik cheklov qo‘yiladi”. Vazir ushbu chora birinchi navbatda koronavirusning yangi shtammlarini Yaponiyaga chet eldan kirib kelishining oldini olish maqsadida qabul qilinganligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, mamlakat aviakompaniyalariga xorijiy davlatlardan kelayotgan laynerlarida yo‘lovchilar sonini tegishli ravishda cheklash to‘g‘risida murojaat qilindi. Xususan, vazirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning yetakchi aviakompaniyalari Japan Airlines va All Nippon Airways chet eldan haftasiga 3400 dan kam odamni tashishga rozi bo‘lishdi. — TASS.

Bahorda xalqaro parvozlarning tiklanishi boshlanadi — IATA

Xalqaro havo qatnovlari joriy yilning ikkinchi choragida tiklana boshlashi kutilmoqda, dedi Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) rahbari Aleksandr de Jyunyak. Unga ko‘ra, chegaralar ochilganidan so‘ng turistik sayohatlar sonining keskin oʻsishi kuzatiladi. “Biz, ehtimol, shu yilning may yoki iyun oylaridan keyin havo qatnovidagi o‘zgarishlarni ko‘rishni boshlaymiz, — dedi de Jyunyak. Biz IATA’da chegaralarni ochish bo‘yicha protokollar va yo‘l xaritalarini ishlab chiqish va rejalashtirish bo‘yicha mamlakatlar bilan ishlayapmiz”. Xususan, u uyushma tomonidan ishlab chiqilgan Travel Pass (sayohat pasporti) mobil ilovasi haqida aytdi, unda yo‘lovchining vaksinatsiya tarixi va koronavirus infeksiyasini tekshirish natijalarini ko‘rsa bo‘ladi. IATAning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida dunyoda yo‘lovchi havo tashish hajmi 2019 yilning shu oyiga nisbatan 72 foizga kamaydi. Xalqaro yuklar tashish hajmi esa 85,6 foizga kamaydi. IATA butun dunyo bo‘ylab 290 ta aviakompaniya bilan ishlaydi, bu dunyoda havo qatnovining taxminan 82 foizini tashkil qiladi. — Interfaks.

Anafilaksiya AstraZeneca vaksinasining yon ta’siri ro‘yxatiga kiritiladi

Yevropa dorilar bo‘yicha agentligi (YeMA) anafilaktik reaksiya va yuqori sezuvchanlikni AstraZeneca vaksinasining yon ta’siri ro‘yxatiga kiritishni tavsiya qildi. Bu regulyatorning hujjatida ko‘rsatilgan. Tavsiya YeMA’ning Farmakologik xatarlarni baholash qo‘mitasi (PRAC) ushbu preparatning og‘ir allergik reaksiyalari haqida 41 ta murojaatni ko‘rib chiqqanidan so‘ng berildi. Ushbu holatlar Buyuk Britaniyada emlangan 5 mln kishida aniqlangan. PRAC ba’zi anafilaksiya holatlari emlash bilan bog‘liq degan xulosaga keldi. AstraZeneca vaksinasining anafilaktik reaksiyasi potensial xavf sifatida qayd etilgan. Emlashdan so‘ng, kamida 15 daqiqa davomida odamlarning holini kuzatib borish tavsiya etiladi. — YeMA.