1 apreldan 1 oktyabrgacha sement mahsulotini (TIF TN 2523 kodi) O‘zbekistonga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi. Bu haqda prezidentning «Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonida belgilangan.

Bu mamlakatda qurilayotgan uy-joylar narxini arzonlashtirish maqsadida amalga oshiriladi. Hozirda boj stavkasi bojxona qiymatining 30 foizini tashkil etmoqda.

11 mart kuni Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan sharhga ko‘ra, yaqin oylarda qurilish sohasidagi o‘sish o‘tgan yilgiga nisbatan oshishi kutilayotmoqda. Bu esa sement va boshqa qurilish materiallari narxining oshishiga olib keladi.

2020 yilning aprelida, mamlakatdagi karantin cheklovlari vaqtida hukumat narxlar oshib ketishi borasidagi ogohlantirishlarga qaramay, sement importini cheklagan edi. Natijada sement mahsulotlari o‘rtacha 25 foizga qimmatlashgan va ushbu taqiq oradan bir oy o‘tgach olib tashlangandi.

Iyul oyida sement olib kirish jarayonini soddalashtirib, uni erkin muomalaga oldingidek 28 kun ichida emas, balki 1−2 kun davomida kiritishga ruxsat bergan. Bu ayrim narxlarning barqarorlashishiga sabab bo‘lgan.

Mart boshida uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov Prezidentdan korxonalarga sement va metallni ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olishga ruxsat so‘ragan. U o‘z taklifini 2021 yilda qurilish ishlari hajmi ikki barobarga oshishi, qurilish materiallariga bo‘lgan talab esa narxning oshishiga olib kelishi bilan asoslagan. Shavkat Mirziyoyev taklifni yaxshilab o‘rganib chiqish va shaffof tizim yaratish zarurligini ta’kidlagan.

TN VED 2523 kodi — Portland sementi, shlakli sement, supersulfat va shunga o‘xshash gidravlik sementlar, bo‘yalmagan yoki bo‘yalgan, tayyor yoki klinker shaklidagi sementlar.