Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani sudida bir qancha jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan Otabek Sattoriy ustidan ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Sud majlisida dastlab taraflarning shaxsi aniqlanib, ularning huquq va majburiyatlari tushuntirildi. Ayblov xulosasi o‘qib eshittirildi. Sud ishida jabrlanuvchilar tinglandi.

Kun.uz xabariga ko‘ra, «Chinora Gul baraka» dehqon bozori rahbari Lochin T. sud jarayonida Otabek Sattoriyga qarshi ariza berishga hech kim undamaganni, o‘z ixtiyori bilan shunday yo‘l tutganini bildirdi.

Jabrlanuvchi tasvirga olishda aynan nimadan qo‘rqqani, tovlamachilik sodir bo‘lishga undovchi aynan qaysi kamchilik yashirilgani bo‘yicha savolga aniq javob bermadi. Bundan tashqari, Sattoriy aynan nimani tasvirga olganini bilmaganini, lekin shunga qaramay buzilgan telefon o‘rniga yangi telefon olishni talab qilgani qay darajada qonunga mosligini bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga majbur bo‘lganini va buni tasdiqlovchi dalillarga ega ekanligini bildirdi, deyiladi xabarda.

Sud ishi joriy yilning 17 mart kuni davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni Surxondaryo rahbariyatini tanqid qiluvchi bloger Otabek Sattoriyga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangani xabar qilingan edi.

Blogerning advokati Shavkat Shokirov «Gazeta.uz» ga bergan intervyusida u ishni uydirilgan deb hisoblashini aytgan.

Olib borilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 2021 yilning 24 fevral kuni Sattoriy Otabek Abdumanonzodaga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a»,"b"bandlari va 3-qismi «a» bandi (tovlamachilik), 139-moddasi 3-qismi «a,g» bandlari (tuhmat) hamda 140-moddasi 3-qismi «a» bandi (haqorat qilish) bilan avvalgi ayblov to‘ldirilib, shu kuni dastlabki tergov tamomlangan edi.