IIVning «O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi buyrug‘i loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 176-bandni quyidagicha bayon etish taklif etilmoqda.

Sud, prokuror, himoyachi yoki VSHlarni tekshirish huquqiga ega bo‘lgan davlat organlari nomiga, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga yo‘llangan ariza, taklif va shikoyatlar senzuradan o‘tkazilmaydi hamda berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay muhrlangan tarzda oluvchilarga yuboriladi yoki topshiriladi, telegrammalar esa darhol yuboriladi.

Oliy Majlsining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning nomiga yuborilgan shikoyatlar muassasa ma’muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilishi mumkin emas. Qolaversa, oluvchiga yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay yuboriladi.

Ombudsman va biznes ombudsmanning javobi muassasa ma’muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilishi mumkin emas va arizachiga darhol yetkazib beriladi.

Amaldagi, 2019 yilda kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, «…VSHlarni tekshirish huquqiga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari nomiga, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga yo‘llangan ariza, taklif va shikoyatlar senzuradan o‘tkazilmaydi hamda berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay muhrlangan tarzda oluvchilarga yuboriladi yoki topshiriladi, telegrammalar esa darhol yuboriladi».

Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar Oliy sud, Bosh prokuratura, SSV va Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.

Buyruq loyihasi muhokamasi 24 martga qadar davom etadi.