Myanma harbiylari 19 mamlakatdan 100 ga yaqin elchixona xodimlarini chaqirib olmoqda

Myanma hukumati mamlakatning BMTdagi vakili Chjo Mo Tunning xalqaro tashkilotlarni mamlakatda hokimiyatni harbiy yo‘l bilan egallashini qoralashga chaqirgan nutqidan keyin 19 davlatdan 100 ga yaqin diplomatik vakolatxonalari xodimlarini chaqirib olmoqda. Nashrga ko‘ra, harbiylar bir qator mansabdorlarni, shu jumladan elchi maslahatchilari, kotiblar va boshqa elchixona xodimlarini chaqirib olishdi. Gap AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Avstriya, Braziliya, Fransiya, Norvegiya, Belgiya, Serbiya, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Singapur, Tailand, Gonkong, Indoneziya, Kambodja, Janubiy Koreya va Filippindagi diplomatik vakolatxonalar haqida ketmoqda. Ayni paytda, Myanma Tashqi ishlar vazirligining 50 dan ortiq xodimi ushbu mamlakatlarda bo‘shagan lavozimlarni egallash uchun jo‘nab ketadi. — The Irrawaddy.

Myanmadagi 1260 atrofida kasalxonalar va boshqa sog‘liqni saqlash muassasalaridan 360 ga yaqin xodimlar mamlakat harbiy to‘ntarishiga qarshi o‘z ishini tashlab ketmoqda. Eng yirik Yangon shahrida barcha temir yo‘llarda transport harakati to‘xtatildi va hukumat vazirliklari va idoralarining ishga chiqmaydigan 3 mingga yaqin xodimi ham itoatsizlik kampaniyasida qatnashmoqda. Yomiuri xabariga ko‘ra, xususiy banklar xodimlarining ish tashlashi Myanma iqtisodiyotiga alohida zarba berdi. Natijada mamlakatda bankomatlardan naqd pul olish deyarli mumkin bo‘lmay qoldi. Bu ish haqi to‘lashning keng kechikishiga olib keldi, deb yozadi nashr. — TASS.

BAAning Isroildagi birinchi elchisi Tel-Avivga yetib keldi

BAAning birinchi elchisi 1 mart kuni o‘z vazifalarini bajarish uchun Tel-Avivga yetib keldi. Avvalroq, 14 fevral kuni Muhammad al-Haj BAAning Isroildagi elchisi sifatida qasamyod keltirdi. 24 yanvar kuni Abu Dabida Isroilning BAAdagi elchixonasi rasman ochilgan edi. Xuddi shu kuni Amirlik hukumati mamlakatning Tel-Avivda elchixonasi ochilishini ma’qulladi. — The Times of Israel.

Tailandda politsiya bilan to‘qnashuvda 33 kishi jarohat oldi

28 fevral kuni Tailand bosh vaziri Prayut Chan-Ochi qarorgohi yaqinida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishida politsiya bilan to‘qnashuvda kamida 33 kishi jarohat oldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 23 nafar politsiya xodimi va 10 nafar hukumatga qarshi namoyishchi jarohat olgan. Ularning barchasi turli xil tibbiyot muassasalariga yetkazilgan. Bundan tashqari, yurak xuruji tufayli bir nafar huquq-tartibot xodimining o‘limi haqida ma’lum bo‘ldi. Huquqni muhofaza qilish organi xodimi namoyishdan kasalxonaga olib ketilgan va u yerda vafot etgan. Ayni paytda politsiya 22 namoyishchi hibsga olinganini ma’lum qildi. Ular favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi farmonni, infeksiya tarqalishiga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunni buzganlik va mol-mulkka zarar yetkazganlik uchun ayblanadilar.

28 fevral kuni G‘alaba yodgorligi yonida yana bir hukumatga qarshi miting boshlandi, u yerdan minglab namoyishchilar bir kun oldin konteyner va tikanli simlar bilan to‘silgan bosh vazir qarorgohiga yo‘l oldilar. Faollar bosh vazirning iste’fosini, mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishni va monarxiyani isloh qilishni talab qildilar. — TASS.