Gruziya parlamenti yangi hukumatni tasdiqladi

22 fevral kuni Gruziya parlamenti Irakliy Garibashvili boshchiligidagi yangi hukumatni tasdiqladi, shuningdek, uning tarkibiga ikki nafar vazir — mudofaa vaziri Juansher Burchuladze va mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha vazir Irakliy Karseladze qo‘shildi. Mamlakat sobiq bosh vaziri Georgiy Gaxariya 18 fevral kuni muxolifatdagi Birlashgan Milliy Harakat BMH partiyasi yetakchisi Nikanor Meliyani hibsga olish to‘g‘risidagi sud qarorining bajarilmasligi munosabati bilan o‘z lavozimini tark etishini ma’lum qilgan edi.

23 fevral kuni Meliya Tbilisidagi ofisida hibsga olindi. Hibsga olish holatidan so‘ng, yuzlab muxolifat vakillari Tbilisidagi davlat devonxonasi binosi oldida norozilik namoyishini o‘tkazmoqda va rasmiylardan BHM partiyasi rahbarini zudlik bilan ozod qilishni talab qilishmoqda. Mitingda so‘z olgan muxolifat rahbarlari, shuningdek, barcha siyosiy mahbuslarni ozod etishni va yangi parlament saylovlarini tayinlashni talab qilishdi.

Shundan so‘ng, namoyishchilar davlat devonxonasi idorasi oldidagi maydondan parlament binosiga ko‘chib o‘tdilar va qo‘shni hududga chodirlar o‘rnatdilar. «Biz bu yerda chodirlar o‘rnatamiz va namoyishchilar soni ko‘payadi. Chodirlarni o‘rnatish bu ramziy ma’noga ega. Biz uchun qat’iylikni ko‘rsatish juda muhimdir», dedi muxolifat partiyasi rahbarlaridan biri Xatiya Dekanoidze jurnalistlarga.

Germaniya harbiy razvedkasi 2020 yilda Bundesverda 477 ta o‘ng qanot ekstremizm holatini aniqladi

Germaniya harbiy kontrrazvedka xizmati o‘tgan yili Bundesverda (mamlakat qurolli kuchlari) 477 ta o‘ng qanot ekstremizm va irqchilik holatlarini aniqladi, bu 2019 yilga nisbatan 114 taga ko‘pdir. Bu haqda Germaniya Bundestagidagi qurolli kuchlar uchun vakolatli Yeva Xyogl ma’lum qildi. 2019 yilda Germaniya Qurolli kuchlarida 363 ta o‘ng qanot ekstremizm holati aniqlangan edi. Xyoglning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘sish ushbu hodisaga qarshi kurashish uchun favqulodda ehtiyoj borligini ko‘rsatadi. «Tergov, sanksiyalar va profilaktika choralari zarur. Izchil, keng qamrovli va tezkor ravishda. Bu butun jamiyat, shu jumladan, Bundesver uchun uzoq muddatli vazifa», dedi hukumat vakili. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda Bundesverda islomiylikni namoyon etish holatlari soni 2019 yil 77tadan 2020 yilda 31taga kamaydi. — TASS.

O‘ng qanotli ekstremizm irqchilik va millatchilik mafkurasini o‘z ichiga oladi. Uning vakillari etnik yoki irqiy ustuvorlikni targ‘ib qiladilar. Germaniyada o‘ng qanot ekstremistik mafkura va uning namoyon bo‘lish shakllari bir xil emas. Bular — totalitar davlatni shakllantirishni targ‘ib qiluvchi neonatsistlar guruhlari, skinxedlar, shuningdek, saylovlarda qatnashish orqali o‘zlarining mavjudligini qonuniylashtirishga urinayotgan siyosiy партиялардир.

Bir guruh AQSH fuqarolari tomonidan Saudiya Arabistoni hukumatiga qarshi sudga da’vo arizasi berildi

2019 yil dekabr oyida Florida shtatidagi aviabazada otishma paytida vafot etgan amerikaliklarning oilalari 22 fevral kuni Saudiya Arabistoni hukumatiga qarshi sudga murojaat qilishdi. 2019 yil 6 dekabrda Saudiya Arabistoni askari Muhammad al-Shamrani Floridadagi Pensakola aviabazasida otishma sodir etgan, uch kishini o‘ldirgan va sakkiz kishini yaralagan edi. Voqea joyiga kelgan politsiya xodimi uni otib o‘ldirgan. Da’vogarlar sifatida vafot etgan va yaralangan askarlarning ota-onalari chiqishdi. Ularning ta’kidlashicha, qirollik ma’murlari al-Shamranining al-Qoida terrorchilik tarmog‘i bilan aloqalari to‘g‘risida xabardor bo‘lgan. Da’vo bayonotida ta’kidlanishicha, ash-Shamrani bazadagi boshqa saudiyalik askarlarga o‘t ochishini ma’lum qilgan, ammo ular xech qanday chora ko‘rishmagan. Shuningdek, boshqa askarlar uning noqonuniy ravishda o‘qotar qurol sotib olgani va saqlaganidan xabardor bo‘lishgan. — The Wall Street Journal.

Ilon Mask bir kunda 15 mlrd dollarni yo‘qotib, dunyodagi eng boy odam unvonidan mahrum bo‘ldi

Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask dunyoning eng boy odamlari reytingida Tesla Inc. aksiyalarning narxi 8,6 foizga kamayganidan so‘ng birinchilikni yo‘qotdi. Bloomberg’ning ta’kidlashicha, tadbirkorning boyligi 15,2 mlrd dollarga kamaygan. Nashr Tesla aksiyalarining pasayishiga Maskning bitkoin narxiga izohi sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ishbilarmon avvalroq Twitter’da kriptovalyutalar — bitkoin va efirium (Ether) narxlarini «sal yuqori» deb bilishini yozgan edi. Mask bunday izohni Tesla bitkoinlarni 1,5 mlrd dollarga sotib olish to‘g‘risida e’lon qilganidan ikki hafta o‘tib qoldirdi. Shunday qilib, Mask Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra dunyodagi eng boy odamlar ro‘yxatidagi ikkinchi qatorga 183,4 mlrd dollarlik boyligi bilan tushib ketdi (yanvar oyida 210 mlrd dollarga baholangan). Amazon asoschisi Jeff Bezos 186,3 mlrd dollar bilan yetakchiga aylandi. — Bloomberg.

AQSH Isroilga qarshi har qanday bir tomonlama harakatlarga qarshi bo‘lishini aytdi

AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Isroil tashqi ishlar vaziri Gabi Ashkenazi bilan telefon orqali suhbatda Vashington Isroilga qarshi olib borilishi mumkin bo‘lgan bir tomonlama harakatlarga qarshi chiqishini ma’lum qildi. «Davlat kotibi AQSH dunyo miqyosida Isroilga qarshi adolatsiz bir tomonlama harakatlarning oldini olishga sodiq qolayotganiga e’tibor qaratdi», — deyiladi matnda. Blinken prezident Jo Bayden ma’muriyati Falastin-Isroil mojarosini ikki xalq uchun ikki davlat konsepsiyasiga asoslanib hal qilish yo‘lini ma’qullashini ta’kidladi. — TASS.

Myanmada minglab odamlar ko‘chalarga chiqishdi

Myanmaning eng yirik shahri Yangonda minglab odamlar ko‘chalarga chiqishdi. Mamlakat poytaxti Neypidoda ko‘pchilik 19 fevral kuni oy boshida namoyish paytida vafot etgan 20 yoshli qizning dafn marosimida qatnashdi. «Bunday vaziyatda biz manipulyatsiya qilishga harakat qilishimiz kerak, hatto g‘azablansak ham, g‘azab bilan javob bermasligimiz kerak. Biz zo‘ravonlik ishlatmaslik haqida gapirayapmiz va hatto kuch ishlatmoqchi bo‘lsam ham, buni hech qachon qilmayman. Fuqarolik itoatsizligi harakati — biz ishlatishimiz kerak bo‘lgan yagona qurol. Va bugun biz bunday aksiyani o‘tkazmoqdamiz, agar kerak bo‘lsa, uni ertaga va boshqa kunlarda o‘tkazamiz», deydi namoyishchilarning biri. Myanmaning ikkinchi yirik shahri Mandalayda 20 fevral kuni namoyishchilarni tarqatish paytida kamida ikki kishi halok bo‘ldi va bir necha kishi yaralandi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, politsiya va harbiylar ularga o‘q uzishgan. Shuningdek, namoyishlar tufayli mamlakatda internetga kirish imkoniyati vaqtinchalik mavjud emas. — Euronews.