O‘zbekistonda bir martalik tez yordam chaqirig‘i o‘rtacha 150 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov O‘zbekiston 24 kanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Har bitta mashinani bir xonadonga borib qaytishining xarajati o‘rtacha 150 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Albatta, bu byudjetga yana qo‘shimcha yuklama tushadi degani. Biz bu bo‘yicha qonunchilik ustida ham ish olib borishimiz kerak. Ko‘p hollarda surunkali kasalliklarga ega fuqarolar asosan „mening isitmamni o‘lchab qo‘y, yoki mening qon bosimimni o‘lchab qo‘y“ degan murojaatlar bilan yakunlanadi. Ular yetib borish uchun ketgan xarajatlarning hisob-kitobini e’tiborga olishmaydi. Lekin byudjetga bu o‘z ta’sirini ko‘rsatadi», — dedi u.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, agar Yevropadagi tez yordam tizimi bilan solishtirilsa, u yerda tez tibbiy yordamga murojaat qilish, bemorning juda ham og‘ir holatda ekanligidan dalolat beradi.

«O‘zbekistonda biroz boshqacha amalga oshiriladi. Surunkali kasalligi mavjud bo‘lgan juda ham ko‘p bemorlar oilaviy shifokoriga, o‘zlarining poliklinikasiga borib, olishi mumkin bo‘lgan muolajani polikliniga bormasdan, 103 ga telefon qilib, shu orqali muammolarni hal qilishga harakat qilishadi. Yevropa davlatlarida surunkali kasalligi bo‘lgan bemorlar hech qachon 103 ni chaqirmaydi. Oilaviy shifokorlariga borib muammolarini hal qilishadi», — deya ta’kidladi Abdulla Azizov.

O‘zbekistonda faqatgina foizini olib gapirilsa, butun chaqiruvlardan 40 foizdan ortig‘i surunkali kasalligi bor bemorlarga to‘g‘ri keladi. Bu albatta chaqiruvlarning qanchalik noto‘g‘ri ekanligidan dalolat beradi, deya qo‘shimcha qildi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari.

Oldinroq, 2020 yilda «tez yordam» xizmatiga deyarli 11,5 millionta murojaat kelib tushganligi haqida xabar berilgan edi.