AQSH Parijning iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi kelishuviga qaytdi

AQSH to‘rt oylik tanaffusdan so‘ng 19 fevral kuni Iqlim to‘g‘risidagi Parij kelishivu ishtirokchisiga aylanadi. Mamlakat prezidenti Jo Bayden saylovoldi tashviqoti paytida, agar u saylovda g‘alaba qozonsa, AQSHni kelishuvga qaytarish birinchi qadamlardan biri bo‘lishini bir necha bor ta’kidlagan edi. Bayden, shuningdek, muqobil energiya manbalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish va federal idoralar parkini elektr transport vositalariga o‘tkazishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qildi. 20 yanvarda bo‘lib o‘tgan inauguratsiyadan so‘ng Bayden mamlakatning ushbu bitimga qo‘shilishi to‘g‘risida farmonni imzoladi. Parij kelishuviga qaytish jarayoni atigi 30 kun davom etgan bo‘lsa, undan chiqish bir necha yil davom etgan. — TASS.

NATO Iroqdagi kontingenti sakkiz baravar ko‘payishini e’lon qildi

NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari 18 fevral kuni bo‘lib o‘tgan videokonferensiyada alyansning Iroq armiyasini ushbu mamlakatda o‘qitish bo‘yicha missiyasini sakkiz baravarga — 500 kishidan 4 ming kishiga oshirishga qaror qilishdi. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusseldagi matbuot anjumanida ma’lum qildi. “Biz Iroqdagi missiyamiz miqdorini 500 kishidan 4000 kishigacha oshirishga qaror qildik, — dedi u. — Kengaytirish bir necha oy davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi”. U missiya o‘quv missiyasi maqomini saqlab qolishini, uning tarkibidagi qo‘shinlar jangovar operatsiyalarda qatnashmasligini ta’kidladi. Stoltenberg Daniyaning NATOning Iroqdagi kengaytirilgan missiyasiga qo‘mondonlik qilishini ta’kidladi. “Biz buni Iroq hukumatining taklifiga binoan amalga oshirmoqdamiz. Iroqda allaqachon global koalitsiya kuchlari (AQSH boshchiligidagi koalitsiya qoldiqlarini nazarda tutadi) va Iroq qo‘shinlaridan foydalanadigan bir qator bazalar mavjud, bu yerda biz murabiylarni joylashtira olamiz”, — deya tushuntirdi bosh kotib. NATO — “Islomiy davlat” terroristik tashkiloti endi Iroqqa qaytolmaslikning eng yaxshi kafolatidir. — NATO veb-sahifasi.

AQSH COVAX dasturiga moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni ikki baravar oshiradi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tashabbusi bilan dunyo bo‘ylab koronavirus vaksinasiga teng kirish huquqini beruvchi COVAX dasturi uchun AQSH moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni 2 mlrddan 4 mlrd dollargacha oshiradi, deyiladi Oq uy bayonotida. “COVID bizga hech qanday millat pandemiya oldida yolg‘iz harakat qila olmasligini ko‘rsatdi. Bugungi kunda prezident Bayden amerikaliklarni va dunyodagi eng zaif odamlarni COVID-19'dan himoya qilish uchun harakatlarni amalga oshirmoqda”, deyiladi xabarda. AQSH 2021−2022 yillarda qo‘shimcha 2 mlrd dollar bilan “COVAX'ga keyingi global hissalarni jalb qilishda yetakchi rolni” o‘z zimmasiga olmoqchi. — Oq uy veb-sahifasi.

Turkiya mart oyidan boshlab karantin cheklovlarini yengillashtiradi

Turkiya hukumati mart oyidan boshlab koronavirus tufayli qo‘yilgan cheklovlarni bosqichma-bosqich olib tashlashni boshlaydi, mamlakatning 81 hududi epidemiya xavfi darajasiga ko‘ra tasniflanadi. Daily Sabah’ning yozishicha, viloyatlarning har biri xavf darajasiga qarab, “juda yuqori"dan “past” darajagacha belgilanadi. Ushbu baholash asosida rasmiylar cheklovlarni olib tashlaydi yoki aksincha, kuchaytiradi. Birinchi navbatda, rasmiylar juma oqshomidan dushanba tongigacha 56 soatlik komendantlik soatini bekor qilmoqchi. Bundan tashqari, ish kunlarida soat 21:00dan 05:00 gacha joriy etilgan harakatlanish cheklovi bekor qilinadi. Hukumat aholining noroziligi va biznesning og‘ir ahvoli tobora ortib borayotganligi munosabati bilan bunday choralarni ko‘rishga tayyor. Hozirgi paytda o‘tgan yil oxirida yopilgan restoran, kafe va shunga o‘xshash muassasalarning taqdiri noma’lum, ammo nashrga ko‘ra, mamlakat prezidenti ularning ochilishi bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni yaqin haftalarda e’lon qiladi. —  Daily Sabah.

“Tabiat bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi” — BMT bosh kotibi

Insoniyatning tabiat bilan urushi atrof-muhitning ifloslanishiga, biologik xilma-xillikning yo‘qolishiga, iqlim o‘zgarishiga va aholining mavjud bo‘lishiga xavf tug‘dirdi, dedi BMT rahbari Antoniu Gutterish BMT atrof-muhit dasturining yangi hisobotini taqdim etishda. U sayyorani himoya qilish va tabiatni asrash orqaligina insoniyat omon qolishi va gullab-yashnashi mumkinligini ta’kidladi. “Tabiatni o‘zaro munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartirish vaqti keldi”, deya qo‘shimcha qildi u. Havoning ifloslanishi har yili 6,5 mln kishining bevaqt o‘limiga sabab bo‘ladi. Qo‘shimcha 1,8 mln kishi, asosan bolalar, suvning ifloslanishidan vafot etmoqda. Avvalo, hukumatlar choralar ko‘rishlari kerak — masalan, zararli gazlar chiqindilariga soliq solish, qazib olinadigan yoqilg‘i va tabiatni yo‘q qiladigan qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini subsidiyalashni to‘xtatish va yashil iqtisodiyotni qurishga sarmoya kiritishni boshlash kerak, deya taklif berildi. — Gazeta.uz