2020 yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 26 ball to‘pladi va Bangladesh hamda Markaziy Afrika Respublikasi bilan 146-o‘rinni bo‘lishdi. So‘nggi sakkiz yil ichida ushbu ko‘rsatkich 9 ballga yaxshilanishiga qaramay, oldinda hali bosib o‘tilishi lozim bo‘lgan korrupsiyaga qarshi islohotlarning uzun yo‘li bor. Prezident yaqinda ta’kidlaganidek, biz korrupsiyani yenga olmayapmiz.

Mamlakat ravnaqi uchun korrupsiyani yo‘q qilish zarurligi to‘g‘risida tez-tez eshitamiz, lekin tan olish kerak, nima uchun korrupsiya O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga katta tahdid bo‘layotganiga asosli izoh topish mushkul.

Iqtisodiy nazariyaga ko‘ra, jismoniy shaxslar, ishlab chiqaruvchilar va firmalarning ijara haqiga qaratilgan (rent-seeking) noqonuniy siyosiy va siyosiyga yaqin usullarni qo‘llash orqali iqtisodiy foyda olish yo‘lidagi harakatlari bir qator xarajatlarga olib keladi.

Muayyan sub’ektni boyitadigan korrupsion bitim jarayoni samarali bo‘lmaganligi sababli, olingan iqtisodiy foyda asossiz deb hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, korrupsiya tovarlarni yoki xizmatlarni ishlab chiqarish va sotish orqali emas, balki noiqtisodiy yo‘llar orqali boyitishga olib keladi, bu uning ijtimoiy qiymati yo‘qligini anglatadi.

Iqtisodiy nuqtai nazardan yana bir ravshan, ammo paradoksal bo‘lgan korrupsiyaning o‘ziga xos xususiyati ingliz siyosiy iqtisodchisi Gordon Tallok tomonidan ifodalangan bo‘lib, u pora beruvchi sub’ektning foydasi uning xarajatlaridan sezilarli darajada oshib ketishiga e’tibor qaratadi. Masalan, chet eldan olib kelinadigan choy importiga boj solish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish uchun lobbilik qilgan mahalliy choy paketlari ishlab chiqaruvchisi 1 million «xarajat» qiladigan bo‘lsa-da, uning bozorni monopollashtirishdan oladigan foydasi yuzlab millionlarga teng bo‘lishi mumkin.

Ammo ushbu maqolada men korrupsiyaga qarshi an’anaviy iqtisodiy dalillardan uzoqlashib, ancha xavfli, ammo «mashhur bo‘lmagan» tomonini ochib beraman.

Tengsizlik. Asosli va unchalikmas.

Iqtisodiyot va sotsiologiya sohalaridagi bir qator tadqiqotlar «asosli» va «asossiz» ijtimoiy tengsizlik tushunchalarini ajratadi. Shunday qilib, boshqa omillar teng bo‘lganda, kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikka munosabat boylarning taxmin qilingan boylik manbasiga bog‘liq ekanligi isbotlangan.

Ijtimoiy mobillik mumkin bo‘lgan mamlakatlarda odamlar boylikni ma’lum bir xizmatlari — iste’dod, salohiyat va mehnatsevarlik natijasi sifatida qabul qilishadi, bunda esa tengsizlik asoslangan deb hisoblanadi. Bunday mamlakatlarda institutlarning yuqori meritokratik darajasi (yetakchi lavozimlarni ijtimoiy kelib chiqishi va moddiy boyligidan qat’i nazar, eng qobiliyatli odamlar egallaydi — tahr.) haqiqatan ham ijtimoiy iyerarxiya bo‘yicha ko‘tarilishga loyiq bo‘lgan odamlarga biznesda yoki professional karerada yuqori darajalarga erishishga imkon beradi.

Shu bilan birga, amaldorlar orasida korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda erkin bozor munosabatlari «o‘zinikilar uchun kapitalizm» bilan o‘rin almashadi. Bu, o‘z navbatida, odamlar ongida ijtimoiy tengsizlikning adolatsizligi haqidagi g‘oyani muskahkamlantiradi.

Shuni ta’kidlash kerakki, mamlakatda korrupsiya darajasini ob’ektiv ravishda o‘lchashning ishonchli usuli yo‘q va deyarli barcha xalqaro reytinglar va indekslar so‘rovnomalarda ishtirok etganlarning idrokiga asoslangan sub’ektiv ko‘rsatkichlardan foydalanadilar.

Shunday qilib, qonuniy tadbirkorlik orqasidan emas, balki mansabini yoki aloqalarini suiiste’mol qilib boylik orttirgan shaxslarni qancha ko‘p uchratsangiz, ijtimoiy klasslar orasidagi iqtisodiy tengsizlik sizga shunchalik adolatsizdek tuyuladi.

Eksperiment: boylik adolatliligi qanday baholanadi

Biz jamiyatning tengsizlik haqidagi tasavvurlari korrupsiyaning tarqalish darajasiga bog‘liqligini aniqladik. U qanchalik ko‘p bo‘lsa, odamlarning «kapitalistlar» deb ataluvchilarga nisbatan dushmanligi shunchalik kuchayadi (bu atamaning faqat salbiy ma’noda ishlatilishi ramziydir).

O‘sib borayotgan tengsizlik aholining aksariyat qismi uchun adolatsiz bo‘lib tuyulganda nima sodir bo‘ladi? Bu masalani Yellik iqtisodchi Ruben Dyuran, Braun universiteti iqtisodchisi Lui Patterman va Amsterdam universiteti iqtisodchisi Joel van der Vil ko‘tarishdi.

Shunday qilib, 2013 yilda ular 16 ta bir xil eksperiment o‘tkazdilar, unda turli xil ijtimoiy-iqtisodiy, diniy va siyosiy guruhlardan jami 336 kishi ishtirok etdi, bu esa tanlovning reprezentativligini ta’minladi.

Eksperimentning mohiyati shunda ediki, har bir ishtirokchiga AQSHdagi haqiqiy iqtisodiy tengsizlikning asl ko‘rinishini iloji boricha yaqqolroq tasvirlaydigan ravishda to‘rtta usulning biridan foydalangan holda pul beriladi. Ishtirokchilarning eng «kambag‘ali» 0,11 dollar, eng «boyi» esa 100 dollarga ega bo‘lishadi. Eksperiment boshida hech bir sub’ekt unga qancha pul ajratilganini va pulni tarqatishning to‘rt usulidan qaysi biri ishlatilganini bilmaydi.

Quyidagilardan bitta usul tanlanadi: (1) mutlaqo tasodifiy taqsimot, (2) ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarga ko‘ra, bu degani belgilangan pul qiymati inson tug‘ilgan hududning farovonligi va ota-onasining boyligiga bog‘liq bo‘lishi, (3) tetris o‘yinining natijalariga ko‘ra va nihoyat (4) umumiy bilim uchun kichik test natijalariga ko‘ra.

Sub’ektlar o‘zlari haqida ma’lumotni to‘ldirgandan so‘ng, ularga o‘yin qoidalari tushuntirildi. Keyinchalik, ulardan yuqorida tavsiflangan to‘rtta usulning har biri uchun soliq darajasini belgilash so‘raldi.

Tajribaning oxirida, pul miqdorini taqsimlash usuli va har bir o‘yinchidan taklif qilingan soliqlar olinadigan va soliqlarning umumiy miqdori sub’ektlar soniga bo‘linadigan ishtirokchilardan biri tasodifiy ravishda tanlandi. 100%lik soliq darajasi to‘liq tenglikni ta’minlar edi, 0% soliq darajasida esa hamma narsa o‘z holicha qolardi.

Shuni ta’kidlash joizki, sub’ektlar soliq darajasi bo‘yicha o‘z takliflarini test sinovidan o‘tishdan yoki tetris o‘ynashdan oldin bildirgan edilar, shuning uchun soliq darajasini tanlagan vaqtlarida ular o‘zlarining «boyish» imkoniyatlari to‘g‘risida noaniq tasavvurga ega edilar.

Eksperiment ishtirokchilari tomonidan tanlangan «tasodifiy usul» bo‘yicha soliq o‘rtacha 54,6% ni tashkil etdi, bu to‘rttala usul orasida eng yuqori ko‘rsatkichdir.

«Ijtimoiy guruhga mansubligi bo‘yicha» pulni taqsimlash usuli bo‘yicha o‘rtacha soliq 45,1% ni tashkil etdi. Eng past soliq stavkalari «tetris» — 36,8% va bilim viktorinasi — 39,9% usullarida belgilandi. Soliq qiymatining ushbu eksperimentdagi miqdorlarni taqsimlash uslubining adolatliligiga bog‘liqligi statistik jihatdan ahamiyatli sanaladi.


Shunday qilib, eksperiment orqali ishtirokchilarning tengsizlikning asoslanganligi to‘g‘risidagi umumiy tushunchasi o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik o‘rnatildi. Ishtirokchilar tomonidan muvaffaqiyat ko‘nikma va bilimga bog‘liq bo‘lgan «tetris» va «viktorina» taqsimlash usullariga «tasodifiy» va «ijtimoiy guruh» usullariga taklif etilgan soliq darajalariga nisbatan soliqlarning quyi darajasini belgilash taklif qilindi.

Garvard va Massachusets Texnologiya Instituti (MIT) olimlari korrupsiya darajasiga qarab mamlakatda soliqlarning barqaror holati (steady-states) to‘g‘risida olib borgan tadqiqotlarida ham xuddi shunday fikrga kelishdi. Matematik modellashtirish orqali iqtisodchilar yuqori darajadagi korrupsiya xalq tomonidan yuqori soliqlarni va so‘lliberal choralarni qo‘llab-quvvatlanishiga olib keladi degan xulosaga kelishdi.

Antikorrupsiya choralarining paradoksal ta’siri

Korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlar fuqarolari, yuqoridagi eksperimentning birinchi ikkita holatida bo‘lgani kabi, iqtisodiy tengsizlikni asossiz deb hisoblashadi.

Adolatsizlikni bunday qabul qilish, o‘z navbatida, odamlarning siyosiy xohishlariga qiziq tarzda ta’sir ko‘rsatadi. O‘z daromadini noqonuniy yo‘l bilan topgan boylarga soliq solish bir qarashda oqilona yechim bo‘lib tuyulishi bilan birga, u muammo sababiga emas, balki alomatiga e’tiborni qaratmoqda.

Shubhasiz, davlatning iqtisodiyotdagi ulushi qanchalik katta bo‘lsa, resurslarni samarasiz taqsimlash ehtimoli shuncha yuqori bo‘ladi va korrupsiyaning gullab-yashnashi uchun qulay sharoit yaratiladi.

Yaponiyalik bir guruh olimlar iqtisodiyotdagi davlat ulushi hajmi va korrupsiya darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish jarayonida 82 mamlakatdan olingan ma’lumotlarni o‘rganib chiqdilar va demokratiya bo‘lmagan mamlakatlarda davlat sektori ulushining oshishi korrupsiya ko‘rsatkichlarining yomonlashuviga olib keladi degan xulosaga kelishdi.

Biroq, yuqori soliqlarni xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aksincha ta’sir qiladi: byudjet daromadlari o‘sib boradi va ular bilan birga korrupsiya ham oshadi.

Masalan, O‘zbekiston YAIM tarkibidagi davlat kompaniyalarining ulushi, o‘rtacha jahon ko‘rsatgichi 20 foizni tashkil qilib turgan paytda, 55 foizga teng. Davlat byudjetiga tushumlar YAIMning 34 foizini tashkil etadi, bu esa mavjud bo‘lgan yuqori soliq yuklamasi haqida gapiradi.

Ko‘pgina mutaxassislar tomonidan davlat ulushining pasayishi kelgusi yillar uchun O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning eng to‘g‘ri vektori sifatida tan olingan bo‘lsada, korrupsiya odamlarning siyosiy qarashlariga o‘z tuzatishlarini kiritmoqda. Biz quyidagi ko‘rinishga ega bo‘lgan «yopiq doira»ga tushib qolishimiz mumkin:


Venesuelaning sotsialistik yetakchisi Ugo Chaves o‘z vaqtida «asossiz» ijtimoiy tengsizlikning o‘sishidan charchagan kambag‘allarga qaratilgan saylov kampaniyasi orqali oddiy venesuelaliklarning qo‘llab-quvvatlashiga erishgan. Sotsializm yillarida Venesuela bilan nima sodir bo‘lganligi ko‘pchilikka ma’lum: dunyodagi eng katta neft zaxiralariga ega mamlakatning dahshatli qashshoqlashuvi va 1,700,000%lik inflyatsiya.

Korrupsiyaning paradoksi ham shunda: u odamlarni vaziyatni yanada yomonlashtiradigan choralarni qo‘llab-quvvatlashga majbur qiladi.

Xulosalar

Kapitalizmga qarshi chiqa turib, odamlar, aksariyat hollarda, «crony capitalism» yoki «o‘zinikilar uchun kapitalizm» deb nomlangan tushunchalarni tanqid qiladilar. Korrupsiya iqtisodiy rag‘batlantiruvchi omillarni to‘liqligicha ko‘rsatmasligi sababli, biz aniqlashtirganimizdek, adolatsiz tengsizlikka olib keladi. Shunday bir holatda, korrupsiyaga qarshilik jamiyatda so‘l kayfiyatning radikallashuviga aylanishi mumkin.

Korrupsiyani kamaytirishning ikki yo‘li mavjud: (1) davlat ulushini kamaytirish, shunda mansabdorlarning o‘g‘irlik qilish manbalari qolmaydi yoki (2) poraxo‘rlik, nepotizm va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish bilan kurashish uchun kuchli siyosiy iroda va o‘zgarmas majburiyatlar.

Birinchi va ikkinchisi o‘rtasida tanlovni amalga oshirish haqiqatdan ham zarur. Korrupsiyaga qarshi tuzilmalarni yaratish, maxsus xizmat xodimlarining oylik maoshlarini oshirish, mansabdor shaxslar faoliyatidagi shaffoflikka rioya etilishini nazorat qilish uchun mablag‘lar, joylarda ta’lim faoliyati — bir so‘z bilan aytganda, faol hukumat aralashuvi orqali status-kvoni o‘zgartirishga qaratilgan har qanday urinishlar byudjet xarajatlarini ko‘paytirishni talab qiladi. Demak, byurokratik vositalarni qo‘llash orqali korrupsiyaga qarshi kurash davlat rolini pasayishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Xuddi shunday dilemmaga farzandining shirinliklarni iste’molini to‘xtatishni istagan ota-onalar to‘qnash kelishadi: uyga shirinlik olib kelmaslik yoki stolga shokoladni ochiqchasiga qo‘yib dahshatli oqibatlar bilan qo‘rqitish.

Masalan, Gruziya ikkinchi usulni tanladi va Korrupsiyani qabul qilish indeksining pastki o‘rinlaridan ancha muvaffaqiyatli chiqa oldi. Mixail Saakashvili boshchiligidagi Gruziya hukumati qiyin byurokratik yo‘lni tanladi, mansabdorlik darajasining eng quyi darajalaridan boshlab barcha amaldorlar oldiga aniq tanlov qo‘ydi: kafolatlangan va uzoq muddatli qamoq muddatimi yoki halol xizmat va munosib maoshmi? Atigi bir necha yil ichida mamlakat korrupsiyani qabul qilish indeksida 127-o‘rindan 44-o‘ringa ko‘tarilib, Yevropa Ittifoqining bir nechta davlatlarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ammo bu tajriba mamlakatimiz madaniy sharoitiga qanchalik mos keladi?

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Shahzod Yuldoshboyev — Jorjtaun universiteti (Vashington) Diplomatik xizmat maktabining xalqaro iqtisodiyot fakulteti talabasi.