22 yil muqaddam, 1999 yil 16 fevral kuni ertalab Toshkentda bir soat ichida bir qator kuchli portlashlar sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 13 kishi vafot etdi, 100 dan ortiq kishi jarohat oldi. O‘sha kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov teraktni uning hayotiga suiqasd qilishga urinish deb atadi hamda hodisada diniy ekstremistlar va aqidaparastlarni aybladi.

Besh portlashdan biri Mustaqillik maydonidagi Vazirlar Mahkamasi binosi oldida mamlakatni o‘tgan yilgi rivojlanish natijalariga bag‘ishlangan hamda davlat rahbari ishtirok etishi kerak bo‘lgan hukumat yig‘ilishi boshlanishidan oldin sodir etilgan. «Gazeta.uz» o‘sha kuni sodir bo‘lgan voqealarni eslaydi.

Birinchi portlash soat 10:40 da Yusuf Xos Xojib ko‘chasida Ichki ishlar vazirligi yaqinida sodir bo‘lgan, u yerda portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan ZAZ-968M rusumli avtomashina portlagan, deb yozadi tadqiqotchi Leonid Levitin «O‘zbekiston: o‘zgarishlar vaqti» kitobida tergov materiallariga tayanib.

Foto: IIBB shon-sharaf muzeyi.

Navbatdagi portlash soat 10:55 da Sharaf Rashidov shoh ko‘chasida, Mustaqillik maydoni metrosi va Vazirlar Mahkamasi binolaridan biriga bevosita yaqin joyda sodir bo‘ldi. Fotosuratlarda parchalanib ketgan «Volga» tasvirlangan.

Foto: IIBB shon-sharaf muzeyi.


Foto: IIBB shon-sharaf muzeyi.

Uchinchi portlash soat 10:58 da hukumat majlisi bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining asosiy binosiga kirish joyi yaqinida sodir bo‘lgan — «GAZ-21» portlagan. Bungacha bu yerda otishma ham bo‘lgan.

Foto: Islom Karimov jamg‘armasi.

To‘rtinchi portlash soat 11:20 da Toshkentdagi eng baland bino — O‘zbekiston Milliy banki yonida sodir bo‘lgan — «VAZ» portlagan. Portlash natijasida bank binosi va unga yaqin ko‘plab binolarning derazalari singan.

Foto: IIBB shon-sharaf muzeyi.

Foto: IIBB shon-sharaf muzeyi.

Bu paytda Islom Karimov Mustaqillik maydonida bayonot berayotgan edi. U aholini vahimaga tushmaslikka chaqirdi va shunday dedi: «Bizning tartibni tiklash, kerak bo‘lsa, bu yaramaslarning qo‘llarini kesib tashlash uchun kuchimiz yetarli».

Beshinchi portlash soat 12:00 da Yakkasaroy tumani Abdulloh Kahhar ko‘chasidagi xususiy uyda sodir bo‘lgan.

Foto: IIBB shon-sharaf muzeyi.

O‘sha kuni hukumat yig‘ilishi baribir bo‘lib o‘tdi. Majlis Qonunchilik palatasi binosiga ko‘chirildi va Islom Karimov unda so‘zga chiqdi.

«Menga o‘xshagan odamni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Odamlar har xil bo‘ladi. Ba’zilariga ishonish mumkin, ayrimlari qo‘rqitish va ba’zilarini yo‘ldan qaytarish mumkin. Meni o‘zgartirish mumkin emas. Men shunday odamman… Bu dunyoni, bu farovonlikni, ertangi kunimizni himoya qilish uchun jonimni berishga tayyorman. Bu shunchaki so‘zlar emas. Bu so‘zlar yuragimdan chiqmoqda… Biz yoshlarimizni hech kimning qo‘liga bermaymiz. Biz yoshlarimizni himoya qilamiz. Nima uchun men farzandlarimarimni yovuz fikrli bu mutaassiblarning qo‘liga berishim kerak? Men O‘zbekistonda yashayotgan million-million yoshlarni o‘z farzandlarim deb bilaman. Begunoh odamlar vafot etdi. Nega?! «- dedi birinchi prezident.

Diqqat: quyidagi videoda portlashlar oqibatlari aks etgan kadrlar mavjud.

Video: Islom Karimov jamg‘armasi.

Islom Karimov teraktlar to‘g‘risida

Bir necha kundan keyin, 19 fevral kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston rahbarlari sammitidan keyingi matbuot anjumanida Islom Karimov jurnalistlarga terroristik hujumlar haqida gapirib berdi.

«16 fevral kuni Toshkentda sodir bo‘lgan terroristik hujumlar, men javobni uch qism, uch bo‘limga ajratmoqchiman. Ushbu hujumlar birinchi navbatda olib tashlashga qaratilgan edi… Men bu iboralarni ishlatishni xohlamayman, lekin, avvalambor, prezidentni yo‘q qilish uchun. Xullas, yanada qo‘polroq qilib aytganda, prezidentni o‘ldiriga.

Chunki sodir bo‘lgan portlashlar… Men sizga birinchi manbalardan aytayapman… beshta portlash bo‘lgan. Portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan beshta mashina portlatildi. Oltinchi portlash detonatsiya tufayli sodir bo‘lgan, chunki yaqinida yana bir mashina bo‘lgan, portlashning ulkan kuchi tufayli u ham portlagan. Eng asosiy portlash Vazirlar Mahkamasi binosining kirish qismida sodir bo‘lgan… Bu bino juda katta, olti qavatli, hisoblab ko‘ring, yerto‘la qismi bilan yetti qavatli bino. Bu 1968 yilda qurilgan va foydalanishga topshirilgan beton inshoot. U juda ham mustahkam bino, uni osongina chayqash, tebratib bo‘lmaydi. Shuning uchun asosiy portlash u yerda sodir bo‘ldi.

60-yilda chiqarilgan «GAZ-21» avtomobili soat 10:50 da Vazirlar Mahkamasi, hukumat binosi eshigi yaqiniga kelgan… Binoning markaziy kirish qismida mashina to‘xtatilgan, ikkita yigit tushgan va avtomashinaning dvigateli buzilgandek bo‘lib, yukxonani ochgan va tez-tez bu mashinadan uzoqlashishni boshladi. Yaqinda turgan soqchilar, noxushlikni sezib, ularning ortidan borishgan. Ular markaziy Mustaqillik maydoni o‘rtasidan ikkita avtomatni chiqarib, otishni boshlashgan. Albatta, qurbonlar bo‘lgan. Ammo hali portlash bo‘lmagan edi.

Asosiy portlash emas, balki avvalgi portlash uzoq bo‘lmagan joyda, taxminan 200 metr masofada, pastda, «Iskra» kinoteatri yaqinida sodir bo‘lgan. U qadar kuchli emas, lekin portlash chalg‘ituvchi edi. Aslida, bittasidan tashqari beshta portlash ham chalg‘ituvchi bo‘lgan. Hukumat binosining kirish qismida sodir bo‘lgan asosiy portlash, men yig‘ilishga mashinada borishimga mo‘ljallab hisoblab chiqilgan. Yig‘ilish soat 11:00 ga belgilangan edi, ya’ni bu uchrashuv boshlanishidan bir necha daqiqa oldin sodir bo‘lgan. Men odatda 15, 10 daqiqada yetib boraman. Va o‘sha kuni, tasodifan, Alloh meni qutqargandir, men biroz kechroq chiqdim.

Videodan lavha. Manba: Islom Karimov jamg‘armasi.

Bu paytda, yukxonasi ochiq turgan mashina allaqachon bino yonida turgan edi va allaqachon, aytilganidek, otishma boshlanganda, bu ikkisi ketishni boshlaganda, bizning soqchilarimiz darhol mashina nima bilandir to‘ldirilganligini sezishdi. Ushbu mashina hukumat binosining markaziy kirish qismida shunchaki to‘xtab turmaganini. Men esa allaqachon yaqinlashayotgan edim, 150−160 metr qolgandi. Soqchimiz Rustam Xodjayev, qo‘riqlash boshlig‘i, u mening hayotimni qutqarib qoldi. U oldinga otildi, ishoralar berdi, mashinani to‘xtatish uchun baqirdi. Mashina to‘xtadi, haqiqatan ham, mashinamiz to‘xtagan joydan 150, balki bir oz ko‘proq, 200 metr masofadagi joyda portlash sodir bo‘ldi. Taxminan 3−4 soniyada mashinalar tenglashishi va o‘sha paytda portlar sodir bo‘lishi kerak edi.

Ekspertlar esa ushbu portlashlarning barchasi masofadan boshqarish pulti yordamida sodir etilganini ta’kidlashadi. Kimdir shu yaqin atrofda turgan va bizning mashina, mening mashinam qayergadir yaqinlashgan soniyalarni kutgan hamda shunday portlash sodir bo‘lishi kerak ediki, o‘sha mashinaning parchalari 500 metr masofaga sochilib ketsin. Na mashinaning raqami, na boshqa narsani yig‘ib olishning iloji bo‘lmadi hali, chunki portlash juda kuchli bo‘lgan edi. Mana sizga nima sodir bo‘lgani. Qolgan barcha portlashlar, takrorlayman, chalg‘ituvchi bo‘lgan.

Videodan lavha. Manba: Islom Karimov jamg‘armasi.

Portlovchi moddalar to‘plangan joy bizga ma’lum, bu yerda ushbu hodisaga ham tayyorgarlik ko‘rilgan. Oxirgi portlash uy egalaridan ijaraga olingan uyda sodir bo‘lgan, bu eski o‘zbek binosi, milliy inshoot, hovli. Va portlash asosiy portlashdan roppa-rosa 40 daqiqa o‘tgach sodir bo‘ldi va izlarni yo‘qotganlar barcha qoldiqlarni, ular dinamitni yiqqan omborxona, garajlarni portlatib yuborgani ko‘rinib turibdi. Mana sizga hodisalar.

Men nima uchun sizga batafsil aytib berayapman — bu birinchi qo‘ldan. Hozir kim u yerda nima qildi va kimni qo‘rqitmoqchi edi va qanday maqsadni ko‘zlashgani haqidagi har xil mish-mishlar, turli to‘qimalarni yozadigan aqllilar ko‘p.

MXXning sobiq rahbari Rustam Inoyatov (chapda), Islom Karimov va sobiq ichki ishlar vaziri Zokir Almatov (o‘ngda) Toshkentdagi portlash joyida. Ochiq manbalardan olingan fotosuratlar.

Ikkinchi savol: ushbu portlashni kim amalga oshirgan. Portlashlar ijrochilari diniy ekstremistlar va aqidaparastlar bo‘lganligini mutlaqo mas’uliyat bilan e’lon qila olaman. Xuddi Isroilda, boshqa mintaqalarda ham portlatayotganlar. Biz buni aniq bilamiz, bizda allaqachon portlashlar ijrochilari diniy mutaassiblar bo‘lgan degan muayyan kalavaning uchi mavjud. Shunchalikki, qochib ketayotgan ikki kishi, ular baqirib, bilasizmi, odatda, «Allohu akbar», deyishgan…

Savolning uchinchi qismi — eng qiyini: bu portlash ortida kim turgan? Bu haqda hozircha sizga hech narsa deya olmayman".

Video: Islom Karimov jamg‘armasi.

Toshkent IIBB Shon-sharaf muzeyida taqdim etilayotgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlashlar natijasida 13 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohat olgan. Ichki ishlar organlarining 3 xodimi tan jarohati olishgan, ulardan biri vafot etgan.

Xalqaro Amnistiya ma’lumotlariga ko‘ra, portlashlarga aloqadorlikda ayblanib 22 kishi sud qilingan, shulardan 6 nafari o‘limga hukm etilgan.

Video: Islom Karimov jamg‘armasi.

«Gazeta.uz» taqdim etgan fotosuratlari uchun Toshkent IIBB Shon-sharaf muzeyiga minnatdorchilik bildiradi.