Shavkat Mirziyoyev 12 fevral kuni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Prezident Bosh boshqarmaning axborot multimedia markazi faoliyati bilan tanishdi.


«Hozir hamma telefonda, ijtimoiy tarmoqlarda. Odamlarni ichki ishlar bo‘limiga chaqiradigan yoki qog‘ozdagi murojaatini kutib o‘tiradigan zamon o‘tib bo‘ldi. Endi tuman va shahar boshqarmasini mahalla bilan bog‘laydigan, odamlar bilan onlayn muloqot qiladigan dasturiy mahsulot yaratish kerak. Butun ichki ishlar tizimi axborot texnologiyalari asosida ishlashi zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Toshkent shahar IIBB tizimida foydalanilayotgan maxsus texnika va vositalarni ko‘zdan kechirdi.

Tashrif chog‘ida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining shon-sharaf muzeyi ochildi.


Ma’lum qilinishicha, muzeyda tarixning turli davrlarida jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasining shakllanishi va rivojlanishi bosqichlari aks ettirilgan. Boshqarma shaxsiy tarkibining turli yillardagi xizmat kiyimlari, tabel qurollari, uskuna va maxsus vositalaridan namunalar ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

Muzeyning alohida bo‘limi ichki ishlar organlari faxriylari, xizmat burchini ado etish paytida halok bo‘lgan xodimlarga bag‘ishlangan, deyiladi xabarda.