Prezident raisligida «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, prezident Farg‘onadan tushkun kayfiyatda qaytganligini aytdi. «U mahallada („Shodiyona“) rahbar yo‘q, hokim yo‘q. Mahallaga kirasan, 80-yillardagiday… Ko‘chalarga, uylarga qarab bo‘lmaydi, 1 kv.m. ham obodonlashtirilmagan…», — deydi u.

«Milliy bankning Farg‘ona filialida 80 dan ortiq xodim ishlaydi, hokimiyatda 50dan kam. Lekin bank xodimlari ikki baravar oylik oladi», — deya ta’kidlaydi davlat rahbari.

«Bizda nazorat qilish tizimi yo‘q. Bosh vazirga topshiriq. Har oy davlat dasturini bajarmagan rahbarlarni ishdan bo‘shatadi. Odamlar bizning qog‘ozbozligimizdan charchadi, „ura-ura“ lardan charchadi…», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bosh vazir vaziyatni tahlil qilib, kimni ishdan olish kerakligini, quyi pog‘onani qanday ishlashga majbur qilish kerakligini aytishini ta’kidladi. «Biz Toshkent viloyati hokimini, sport vazirini ishdan oldik. Bu hali boshlanishi».

U rahbarlarning aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi lozimligini qayd etdi. «Nega Kudbiyev (DSQ rahbari), Bobojonov (IIV rahbari) pastga tushmaydi. Nega sizlar Xudaybergenovga (prezident maslahatchisi) o‘xshab qog‘ozda emas amalda natija ko‘rsatmaysizlar?», — dedi prezident.

«Rahbarlar, mas’ul shaxslar ko‘p, lekin odamlar muammolarini hal qiladiganlar deyarli yo‘q», — dedi Shavkat Mirziyoyev.