Prezident Davlat dasturi bo‘yicha yig‘ilishda majlislarni tugatishga yana bir marotaba to‘xtaldi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev Davlat dasturi loyihasining umumxalq muhokamasi natijasida 2 mingdan ziyod fikr-mulohazalar asosida dastur qayta ishlanib, yanada boyitilganligini ta’kidladi.

«Har qancha qiyin bo‘lmasin, 500 ming nafar yoshlar va 200 ming nafar ayollarni ish bilan ta’minlash hamda «temir daftar»ga kirgan 300 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish lozim», — dedi prezident.

«Shu bilan birga, 33 ta „qizil“ tuman va og‘ir ahvoldagi 970 ta mahallaning yo‘li, ichimlik suvi va elektr ta’minoti, irrigatsiya tarmog‘i yaxshi bo‘lishini, daromad manbalari ko‘payishini odamlar kutayapti», — dedi u.

Yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripov prezidentning majlislarni qisqartirish bo‘yicha topshirig‘i barchaga yetkazilganligini ta’kidladi. «Topshirig‘ingizni yetkazdik. Majlislar bo‘lmaydi. Faqat mahhalarda „mahallabay“ ishlash bo‘yicha bo‘ladi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev: «Endi hokimlar majlis o‘tkazish uchun bosh vazirdan ruxsat so‘raydi. Men bu haqida gapirishdan charchadim. Majlisga ketadigan besh soat ichida qancha narsalarni qilsa bo‘ladi», — dedi. Davlat rahbari majlislarga profilaktika inspektorlari va mahalla raislarini chaqirmaslikni aytdi.

27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident keraksiz majlis o‘tkazadigan rahbarlar ishdan ketishini ta’kidlagan edi.

«Keraksiz majlislarni o‘tkazishni tugatish kerak. Otbozorga aylanib ketyapti. Ba’zi rahbarlar majlisbozlik bilan kasal. Keraksiz majlislar o‘tkazadigan… 40 daqiqadan ko‘proq (majlis) o‘tkazadiganlar ishdan ketadi. Administratsiya va prezident yig‘ilishlaridan tashqari», — degandi davlat rahbari.

Prezident 2017 yilda bosh vazir Abdulla Aripovga majlisbozlik, qog‘ozbozlik va hisobotbozlikni keskin kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. 2019 yil dekabr oyida prezident davlat organlaridagi majlislar sonini qisqartirish to‘g‘risida qaror imzolagan edi.