Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Bunyod Abdullayev ishdan bo‘shatilganligini ma’lum qildi.

Oldinroq u «Gazeta.uz»ga 1 fevral kuni bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov raisligida o‘tgan qo‘mita kollegiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida o‘rta pog‘ona rahbarlarining 6 nafarini o‘z lavozimlaridan ozod etishi masalasi qo‘yilganligi haqida ma’lum qilgan edi. Ushbu rahbarlar orasida jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Bunyod Abdullayev ham bo‘lgan. Qator rahbarlarga hayfsan e’lon qilingan.

Ushbu qaror Abdullayev uchun kutilmagan bo‘lgan, chunki, uning so‘zlariga ko‘ra, bundan ikki kun oldin — 30 yanvar kuni — Prezident administratsiyasi vakillari Ekologiya qo‘mitasining yig‘ilishida matbuot xizmatining ishiga ijobiy baho bergan, lekin qolgan o‘rta pog‘onadagi xodimlarning faoliyati tanqid qilingan.

Kollegiya yig‘ilishida «Vazirlar mahkamasi kotibiyati mudiri Sherzod Abidov Ochilboy Ramatovga ro‘yxat uzatdi. U ro‘yxatdan ismlarni o‘qishni boshladi — boshqarma va bo‘lim boshliqlarini. Ba’zilariga hayfsan berildi, ba’zilari esa ishdan olinishi aytildi», deydi Abdullayev.

«Menga so‘z berishlari uchun qo‘limni ko‘tardim. Menga e’tibor ham berishmadi. Uchrashuv oxirigacha xonadan chiqdim… Keyinroq menga kadrlar bo‘limidan telefon qilib, ariza yozishimni so‘rashdi, ishlarni boshqarish boshqarmasida narsalarni topshirishimni so‘rashdi. Men raisning buyrug‘iga ko‘ra haftaning oxirigacha dronlarni boshqarish bo‘yicha kursni tugatishim va boshqa xodimlarni bunga o‘rgatishim kerakligini aytdim. Men ular ushbu buyruqni bekor qilishsa, ariza yozishimni aytdim», — deydi Bunyod Abdullayev. Buyruq bekor qilinmagan va u 5 fevralga qadar kurslarga qatnagan.

Uning aytishicha, ishdan haydalishiga yig‘ilishdan ikki-uch hafta oldin kelgan topshiriqni bajarishdan bosh tortganligi sabab bo‘lgan. O‘shanda unga Ochilboy Ramatov «shtabi»dan qo‘ng‘iroq bo‘lgan va bosh vazirning birinchi o‘rinbosarining imijini targ‘ib qilish maqsadida OAVda tarqatish uchun har juma kuni tasdiqlangan mavzu bo‘yicha ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.

«Men buni belgilangan tartibda topshiriq tushirilsa qilishimizni aytdim», — deya ta’kidlaydi Bunyod Abdullayev. Keyin, uning so‘zlariga ko‘ra, unga Vazirlar mahkamasining Sog‘liqni saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish departamentining bosh mutaxassisi Bahodir Shukurov qo‘ng‘iroq qilib, kelib tushgan topshiriqni bajarishni so‘ragan. Matbuot kotibi bu safar ham bosh tortib, yozma topshiriq berishni so‘ragan.

«Gazeta.uz»ning bo‘lib o‘tgan yig‘ilish bo‘yicha ma’lumotga ega hukumatdagi manbasining xabar berishicha, o‘rta pog‘onadagi rahbarlarni almashtirish masalasi qo‘mitaning faoliyatida yetarli bo‘lmagan ko‘rsatkichlarga bog‘liq bo‘lgan. O‘tgan yilning noyabr oyida Ekologiya qo‘mitasining raisi etib ilgari «O‘zpaxtasanoat» kompaniyasi rahbari bo‘lgan Alisher Maqsudov tayinlangan edi, o‘shanda qo‘mita oldida ma’lum vazifalar qo‘yilgan, deydi manba.

Ekologiya qo‘mitasi saytida va uning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari ishtirokidagi yig‘ilish haqida hozirga qadar ma’lumot berilmagan. Bunyod Abdullayevning bayonotiga ham izoh berilganicha yo‘q.

Matbuot kotibining bayonotlari bo‘yicha Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining rasmiy bayonoti ham berilmadi.