Toshkentdagi «SUM» qarshisida joylashgan «Moviy gumbazlar» xiyobonida mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlab «Istiqlol» majmuasi qurilishiga qarshi imzo kampaniyasi boshlandi. Petitsiya imzo kampaniyalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan xorijiy platformada o‘tkazilmoqda.

«Biz — bog‘ni hozirgi holatda saqlab qolishni istayotgan fuqarolarmiz. Biz — shahar landshafti va bog‘dagi daraxtlarning kesilishiga qarshi fuqarolarmiz. Biz — shahar hokimligidan ob’ektni mahallalarning buzilishi hisobiga yuzaga kelgan bo‘sh hududlarga qurish bo‘yicha murojaat qilayotgan fuqarolarmiz. Umid qilamizki, bizning ovozimizni eshitishadi!», — deyiladi petitsiyada.

Daryo.uz nashrining ma’lum qilishicha, bog‘ning o‘zida ham imzolar to‘planmoqda. Shuningdek, kampaniya bo‘yicha ma’lumotlarni yoritib borish maqsadida Telegram’da «Kosmonavtlar bog‘imizni himoya qilamiz» nomli kanal ham ochilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 17 dekabrdagi qarori bilan poytaxtda «Istiqlol» majmuasi tashkil etiladi va u yerda mustaqillikning mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiradigan yodgorlik kompozitsiyasi barpo etilishi belgilandi. Shundan so‘ng 3 fevralda Toshkent hokimligi «Istiqlol» majmuasi konsepsiyasi loyihasini yaratish uchun tanlov e’lon qildi.

Majmuani barpo etish joyi sifatida Sharof Rashidov, Islom Karimov va Afrosiyob ko‘chalari oralig‘ida, Markaziy univermag (SUM) qarshisidagi hududning tanlangani jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi. Bunga javoban poytaxt hokimligi majmua maydondagi ko‘p yillik manzarali daraxtlarni saqlab qolgan hamda hozirgi xiyobon faoliyatiga ta’sir qilmagan holda barpo etilishini ma’lum qildi.