Andijon viloyati Jalaquduq tumani «Xalq banki» filiali xodimi bankomatlardagi 345,5 mlnni o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga ma’lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jalaquduq tuman bo‘limi tomonidan AT «Xalq banki» tuman filialining murojaat kelib tushgan. O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, filialning bosh mutaxassisi Z.I. 2020 yilning dekabr va 2021 yilning yanvar oyida tuman dehqon bozorida o‘rnatilgan bankomatlardan jami 345,5 mln so‘m naqd pulni olishga erishgani aniqlandi.

Fuqaro ushbu pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflagani va o‘zining ixtiyorida bo‘lgan juda ko‘p miqdordagi mulkni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan Z.I. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.