Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni Rossiya Federatsiyasining turli hududlarida davlat rasman ruxsat bermagan ommaviy namoyishlarda qatnashmaslikka chaqirdi.

Agentlik Rossiya qonunlariga rioya etishni va odamlar ko‘p to‘planayotgan joylarga bormaslikni so‘ragan.

«Rasman ruxsat berilmagan tadbirlarda qatnashish chet el fuqarolari uchun Rossiya Federatsiyasi qonunlariga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortilish yoki davlatdan majburiy chiqarib yuborishga olib kelishi mumkin», — deyiladi xabarda.

2 fevral kuni Moskvaning Simonovskiy sudi Jazoni ijro etish federal xizmatining iltimosnomasini qanoatlantirdi va Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyga tayinlangan shartli jazoni haqiqiysi bilan almashtirdi. Qaror «Iv Roshe» ishi doirasida qabul qilindi va unga ko‘ra siyosatchi 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ammo uy qamog‘ida o‘tkazilgan 10 oylik muddatni hisobga olgan holda u umumiy rejimdagi koloniyada 2 yilu 8 oyni o‘tkazadi.

23 va 31 yanvar hamda 2 fevral kunlari Rossiya shaharlarida Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi ta’sischisi, muxolifatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyishlar bo‘lib o‘tgan edi.

Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun bo‘lgan namoyishlarda 10 mingdan ortiq kishi ushlangan.