IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining Tarbiyaviy va ijtimoiy-psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Sultonov AOKAa o‘tkazilgan anjumanda IIV jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari soni, joylashuvi hamda ularda saqlanayotgan mahkumlar soni ochiq ma’lumotlar sirasiga kiritilganini ma’lum qildi.

«Bugungi kunda O‘zbekiston Jazoni ijro etish tizimi tasarrufidagi muassasalarda 27 ming 500 nafar mahkum jazoni o‘tamoqda. Ko‘proq og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan mahkumlar jazo muddatini o‘tayapti», — dedi Sultonov.

Shuningdek, IIV vakili jinoyatlar tasnifiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«O‘ta og‘ir jinoyatlarga ko‘proq odam o‘ldirish, giyohvandlik, firibgarlik va bosqinchilik bog‘liq jinoyatlar birinchi marta sudlanganlar orasida ko‘proq. Boshqa muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan ko‘proq og‘ir turga kiruvchi jinoyatlar, o‘g‘irlik shunga o‘xshash jinoyatlar ko‘pligini aytishimiz mumkin» — dedi Jamshid Sultonov.

Bundan tashqari, Probatsiya xizmati boshlig‘i Mahamadali Ismoilov 57 ming 36 nafar shaxs probatsiya nazoratida turganini qo‘shimcha qildi.

Anjumanda shuningdek, mamlakatda 43 ta jazoni ijro etish muassasasi hamda 11 ta tergov hibsxonasi borligi ma’lum qilindi. Muassasalarning 18 tasi yopiq turdagi, 25 tasi esa manzil-koloniya ekanligi aytildi.