Jazoni o‘tayotgan fuqarolar onlayn rejimda qarindoshlari bilan muloqot qila olish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda IIV jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tarbiyaviy va ijtimoiy psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Sultonov ma’lum qildi.

«Mahkumlarning qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlari videokonferensaloqa rejimida onlayn tarzda o‘tkaziladi. Masofali video-uchrashuv jarayonida mahkumning qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan muloqotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya orqali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida barcha jazoni ijro etish muassasalari optik tolali aloqa kanallari bilan ta’minlandi», — dedi Jamshid Sultonov.

Ushbu imkoniyat jazoni ijro etish tizimiga IT-texnologiyalarni joriy etish, jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar va ularning oila a’zolariga qulaylik yaratish maqsadida yaratilgani ta’kidlab o‘tildi.