Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MCHJni xususiylashtirish bo‘yicha tender shartlari o‘ta yuqoriligini ta’kidlagan va tenderni to‘xtatishni so‘rab, taqdimnoma kiritgan edi.

Davaktiv agentligi tenderni to‘xtatish to‘g‘risidagi taqdimnomaga munosabat bildirib, korxonani xalqaro amaliyot qoidalariga muvofiq holda sotish jarayoni yuzasidan hamkorlik qilishga tayyorligini va tenderni tashkillashtirishda xalqaro kompaniyalar ishtirok etayotganligini ma’lum qilgan edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xususiylashtirish jarayonlarini xalqaro kompaniyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan yangi amaliyotni to‘la qo‘llab-quvvatladi va jarayonning davom ettirilishiga e’tirozi yo‘qligini ma’lum qildi.

Shuningdek xabarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Davaktiv agentligining taqdimnomaga operativ ravishda rasman munosabat bildirgani va xususiylashtirish jarayoni bo‘yicha barcha asoslar tushuntirib berilgani uchun minnatdorchilik bildirgan.