Payshanba kuni poytaxt hokimligida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 31-sessiyasida ma’lum qilingan 2021 yilgi rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Unda asosiy e’tibor, hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning hududlardagi aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal qilish uchun shahar va tuman deputatlari hamda mahalla raislari, shuningdek, sektor rahbarlariga mablag‘lar ajratish to‘g‘risidagi fikriga qaratildi.


Davlat byudjetidan aholi muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etishga deputat va mahalla raislariga jami 179 mlrd 700 mln so‘m ajratilmoqda. Bundan tashqari, aholining murojaatlarini o‘rganishni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida poytaxt sektor rahbarlarining har biriga — 5 mlrd so‘mdan [3 ta sektor — 15 mlrd so‘m] hamda shahar Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘iga — 2 mlrd so‘m ajratiladi.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan besh nafar shahar Kengashi deputati ushbu mablag‘lar nimaga, qachon va qay tartibda sarflanishi bo‘yicha rejalar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shu o‘rinda mablag‘lar davlat byudjetidan ajratilayotgani ham ta’kidlab o‘tildi.

Chapdan o‘ngga deputatlar Vasila Alimova, Toshpo‘lat Matibayev, Muxtor Ilhomov va Naima Jabborova.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi o‘rinbosari Toshpo‘lat Matibayevning aytishicha, deputatlar hokim taklifidan barcha qatori sessiya vaqtida xabar topishgan va shundan so‘ng, mablag‘larni samarali sarflanishini tashkillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rila boshlangan.

Mablag‘lar nimalarga sarflanadi?

Deputat Toshpo‘lat Matibayevning aytishicha, “bu pullarni ishlatish yo‘li, usuli bor”.

“Birinchidan, bu pullarga davlat dasturiga kirgan investitsiya loyihalariga ishlarni bajarish mumkin emas. Qat’iy man etiladi. Davlat dasturi va investitsiya loyihalariga kiritilmagan, lekin bu muammo aholida turibdi. Hammasi ijtimoiy sohada. Tibbiyot, umumta’lim, maktabgacha ta’lim, sport majmualari yoki mahallaning o‘zida yig‘ilib, yillar davomida turib qolgan muammolarni bartaraf etishga yo‘naltiriladigan pullar. Buni o‘zidan-o‘zi olib ishlata olmaydi hech kim”, — dedi Toshpo‘lat Matibayev.

Jamoatchilik kimga murojaat qilishi lozim?

Bundan tashqari, joylardagi ijtimoiy muammolar, jumladan, oilaviy poliklinikalarga ko‘maklashish, maktab va bolalar bog‘chalarining muammolarini hal etish, ko‘chalar va mahallalarni obodonlashtirish hamda boshqalarni hal etishda deputatlar jamoatchilik bilan qanday muloqot olib borishiga ham to‘xtab o‘tildi.

“Bu pulni ishlatish texnologiyasi bor. Joylardagi tashkilotlar o‘zlari saylagan deputatga murojaat qiladi. Deputat borib o‘rganib, tashkilot xati bilan tuman hokimiyatiga beradi. Bu muammo birorta davlat dasturida bormi yoki yo‘qmi? Yo‘q bo‘lsa, hokimiyatdagi mutasaddilar o‘zining xulosasini berib, smeta tayyorlanadi”, — dedi deputat.

Shundan so‘ng, smetani Toshkent shahar Kengashi kotibiyati mutaxassislari o‘rganib, byudjet komissiyasiga tushirishi aytildi.

“Komissiya joyiga borib o‘rganib, narx-navosi to‘g‘ri kelish-kelmasligini ko‘rib bo‘lganidan keyin Kengashga olib chiqadi. Buni ko‘rsatib, har bir tiyinigacha qayerga ketayapti, nima bo‘ladi, shuni qilgandan so‘ng, 60 ta deputat qo‘llab-quvvatlab, (ko‘pchilik qismi — tahr.) ovoz berganidan keyin Kengash qarori bilan hokimga kiritiladi. Hokim buni moliya boshqarmasiga beradi va o‘rganiladi. Alohida xat bilan tuman hokimiyatiga boradi hamda tender asosida kim yutib chiqsa, deputatning nazorati ostida amalga oshiriladi. Har bir so‘mning orqasida aholining muammosi, uning yechimi turibdi”, — deya qo‘shimcha qildi Matibayev.

Deputat Farruh Rahmatov qurilish zarurati bo‘lmagan masalalar ham xuddi shu tartibda ko‘rib chiqilishini qo‘shimcha qildi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Farruh Rahmatov.

“Masalan, oilaviy poliklinikaga yangi uskunalar olish, xuddi shu tartibda uskuna rostdan ham kerakmi, bu uskuna aslida yo‘qmi — o‘rganib, tegishli sog‘liqni saqlash tashkilotlaridan ham ma’lumotlar olinib, dasturga kiritilmagani bo‘lsa, albatta, shu tizim bo‘yicha ko‘rib chiqiladi”, — dedi u.

Bundan tashqari, Toshpo‘lat Matibayevning qo‘shimcha qilishicha, jarayon to‘liq shaffof olib boriladi.

“Bizda qonunchilik komissiyasi hamda byudjet komissiyasi bor. Har bir tiyinigacha shu yerda mutaxassislar ko‘rib, hisoblab chiqib, shundan keyin deputatlarning uchdan ikki qismi ovoz bergach tasdiqlanib, hokimga kiritiladi. Hokim qo‘l qo‘yib berganidan keyin moliya boshqarmasi yana bir marta ko‘rib, tuman maxsus hisob raqamiga tushiradi. Tumanda tender bo‘lib, shaffoflik bo‘lganidan keyin pul o‘tadi. Shu masalani ko‘tarib chiqqan deputat oxirigacha o‘zining nazoratiga oladi va hisobotni Kengashga taqdim etadi”.

Jarayon muddati

Tadbirda deputatlar o‘zlariga ajratilgan mablag‘ni yil yakunigacha muammolar yechimiga yo‘naltirishi lozimligi ta’kidlandi.

“Muddat yil davomida. Agarda ajratilgan pulni ishlata olmagan bo‘lsa, muddat yetmay qolishi mumkin. Shu pulni shahar Kengashi tasdiqlab, o‘sha joyga o‘tadigan bo‘lsa, aholi bajariladigan ishni umid bilan kutadi. Qarorlar ham shahar, ham tuman miqyosida chiqqan bo‘lsa, biz bu pulni keyingi yilda o‘tkazib, boshlangan ishni oxiriga yetkazishga va’da beramiz. Agarda loyiha bo‘lmasa, sa’y-harakatlar bo‘lmasa, davlat byudjetiga qaytib ketadi”, — deya qayd etdi Matibayev.

Manfaatlar to‘qnashuvi

“Gazeta.uz” muxbirining ma’lum qilishicha, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisining o‘rinbosari Toshpo‘lat Matibayev mablag‘ natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvi qanday aniqlanishi va uning oldini olish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilishi haqidagi savoliga yuzaki javob berdi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi o‘rinbosari Toshpo‘lat Matibayev.

“Bu birinchi marotaba bo‘lganidan keyin qiziqish, shubha ko‘p. Lekin deputatlarimiz, ishonaman, yana aytaman, orqasida saylovchilari va yaqinlari bor. Hozir deputatlarimiz nazorat organiga aylanayapti. Ilgari faqat murojaat qilib, so‘rovnoma qilsa, hozir ular talab darajasiga o‘tayapti. Kengash tomonidan chiqayotgan pullarning har bittasining orqasida deputatlar bor. Ular buning boshidan oxirigacha nazoratga oladi”, — dedi.

Deputatlarning o‘zlari mablag‘larning ishlatishida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelish yoki kelmaslik, unga qarshi kurashish masalasi esa ochiq qoldi.

Fors-major

Deputat boshqa lavozimga o‘tganida yoki boshqa sabab tufayli uning o‘rni bo‘shab qolganida mablag‘lar sarfi qay tartibda davom etishiga ham oydinlik kiritildi.

“Bu yerda nafaqat shu 2 mlrd so‘mga bog‘lanib qolingan joyi yo‘q. Mana, bizda ham deputatlarimiz rahbar bo‘lib, o‘zining joyini bo‘shatdi. Shuning o‘rniga yangi saylangan deputat kelsa, mablag‘ kam qolgan, lekin muammo bor. Bizda davlat byudjetidan ajratiladigan pullar yetarli. U muammoni ko‘tarib chiqib, bugungi kunda dolzarb desa, buni, albatta, Kengash deputatlari qo‘llab-quvvatlasa, yana qo‘shimcha mablag‘ ajratib beriladi”, — dedi Matibayev.

U bir yil avval shahar deputati Furqat Qalandarovning Bektemir tumanidagi muammoni Kengashga olib chiqqanini misol qilib keltirdi.

“Muammoni ko‘tardi. Kengash qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan 2 mlrd emas, 25 mlrd so‘m ichimlik suviga ajratildi. Bu degani faqat 2 mlrd so‘m bilan chegaralanib qoldi, degani emas. Muammo bo‘lsa, unga mablag‘ ajratadigan va taqsimlaydigan — Kengash”, — dedi Toshpo‘lat Matibayev.

Mahalla raislariga 50 mln so‘m

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi mahalla raislari qo‘liga 50 mln so‘mdan berilishi va ular xohlaganicha ishlatishi mumkinligi haqida urchigan gap-so‘zlarga munosabat ham bildirildi.

“50 mln mening qo‘limga berilmaydi, bu hisob raqamimizga tushadi. Hisob raqamidan bir tiyinni olish uchun qancha hujjatlarni bankka taqdim etish kerak. Bank o‘zidan-o‘zi chek yoki boshqa narsaga pul bermaydi. Men to‘g‘ridan-to‘g‘ri MFYga bo‘ysunaman, u meni saylaydi va ishdan oladi. Xuddi shunday, yig‘inga bo‘ysunadigan mahalla taftish komissiyasi bor. U har yarim yilda mahalla amalga oshirilgan moliyaviy faoliyati, o‘zimizning qarorlarni bajarish bo‘yicha taftish o‘tkazadi. Mahalla raislarimiz ham noto‘g‘ri tushungan bo‘lishi mumkin, „mana menga hozir 50 mln so‘m beradi, xohlagan ishimni qilaman“, deb, yo‘q. Davlatning byudjetidan ketayotgan har bir so‘m uchun biz javob beramiz”, — dedi deputat Naima Jabborova.

Kattaqorasuv MFY raisi, shahar Kengashi deputati Naima Jabborova.

U, shuningdek, mahallada mablag‘larning sarflanishi tartibiga ham to‘xtaldi.

“Mahalla raisi podshoh emas, rais jamoat tashkilotining rahbari. Mening o‘zimning organim bor, bu — mahalla fuqarolari yig‘ini. Ularning orasida mahalla fuqarolar yig‘ini kengashi bor. Kattaqorasuv mahallasida 27 kishidan iborat kengashimiz bor. Barcha masalalarni mana shu kengash a’zolari bilan hal qilamiz. Muhim bir kattaroq masalani hal qilishda kengashdan tashqari, ko‘p qavatli uy hamda ko‘chaboshilar fikr bildirishga haqli. 2001 yildan beri MFY tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsam, biror marta kimdur mahallaga yordam bermagan. To‘g‘ri, idish-tovoq olib berishardi, birorta tadbirni o‘tkazishga ko‘maklashardi”, — dedi deputat.

Deputat o‘zining mahallasida qizaloqni chet elda operatsiya qilish zarurati tug‘ilgani va uni hal etish uchun hokimiyat hamda respublika miqyosidagi tashkilotlarga murojaat qilib chiqqanini esga oldi. Uning aytishicha, raislarga beriladigan 50 mln so‘m yordamida endilikda mahallalar o‘z muammolarini o‘zlari hal etish imkoniyati yaratildi.

“Elementar holat, bitta bolaga „kolyaska“ olib berish uchun mingta tashkilotga murojaat qilishim kerak. Hujjatlarni oborib topshirib, kutishimiz kerak. Toki mutasaddi tashkilotlardan aravacha kelgunicha bola o‘sib, endi kattaroq aravacha kerak bo‘ladi. Juda ko‘p shunaqa vaziyatlar bo‘ladi. O‘ylamanglarki, u pulni o‘zining birorta ehtiyojiga ishlatadi, deb, yo‘q, o‘zimizga ishlatmaymiz. Bu faqat mahallada yashayotgan fuqarolarning ijtimoiy ehtiyojlariga”, — dedi Jabborova.

50 ta MYFga “SPARK”

Qolaversa, anjuman vaqtida poytaxt mahallalarining (524 ta) eng faol va eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 50 ta MFYga homiylar tomonidan “Spark” avtomashinasi sovg‘a qilinishi masalasiga ham tushuntirishlar berib o‘tildi. Jumladan, ushbu avtomobillar to‘liq homiylar hisobidan, beminnat ajratilayotgani aytildi. Qo‘shimcha qilinishicha, buning uchun homiylarga ularning tadbirkorlik faoliyatiga oid qandaydir imtiyoz berish ko‘zda tutilmagan.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Muxtor Ilhomov.

“Mahallaning har bir yo‘nalishi bo‘yicha ko‘rsatkichlari juda katta bo‘lishi kerak. Mahallada jinoyatchilik, oilaviy ajrimlar, giyohvandlik, janjalkash oilalar bo‘lishi kerak emas. Hamma tomondan ko‘rkam, obod bo‘lishi kerak. Mana, xonadon ham ostonadan boshlanadi-ku, agar mahallada ham har bir ish joyida bo‘ladigan bo‘lsa, ana o‘shandagina sovg‘ani olish mumkin”, — dedi Ilhomov.

Bunga qo‘shimcha ravishda mahallalar tanlab olinayotganida u yerda yashovchi aholining fikri ham o‘rganilishi aytildi.

“Men hozir hamma raqamlarimni chiroyli qilib topshirishim mumkin. Lekin bu ko‘rik-tanlovga o‘xshagan. Yuqoridan pastga tushib, aholidan raising kim, qanaqa deb ularning ham fikrini so‘rashadi. Mahallaning faqat qog‘ozdagi ko‘rsatkichi emas, amalda qanaqa ish olib borayapti, mahallada urf-odatlar qanaqa rivojlanayapti, salohiyati bormi, bolalar mahalla nima deganini tushunadimi, yo‘qmi, shu taraflarga ham qaraladi”, — dedi Naima Jabborova.

Shu qatorda tashkilot tomonidan mahallalarni o‘rganishi davomida jurnalistlar, blogerlar hamda jamoatchilik vakillari ishtiroki ta’minlanishi ham qayd etildi.

Bu Jahongir Ortiqxo‘jayevning PR-kampaniyasimi?

Matbuot anjumanida jurnalistlar ushbu mablag‘larning ajratilishi ortidan poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev PR qilinayotganiga oid savoliga ham oydinlik kiritildi.

“Bu shahar hokimi piari degani juda ham noo‘rin, noto‘g‘ri fikr. Man bu fikrga qarshiman. Deputatlarimizning obro‘si uchun, saylangan joylardagi yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilish maqsadida ajratilayapti. Aholi roziligini olish uchun hurmatli shahar Kengashi raisi — hokim bizga shuni taklif qilib chiqdi. Bu yerda hech qanday piar haqida gap ketayotgani yo‘q”, — deya tushuntirish berdi xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi o‘rinbosari Toshpo‘lat Matibayev.

“Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev deputatlarga ajratiladigan mablag‘lar sarfi va aholi o‘z muammolari bilan murojaat qilishi uchun alohida platforma (veb-sayt nazarda tutilmoqda — tahr.) yaratish rejada borligini, buning loyihasini poytaxt hokimi tasdiqlagach, ishga tushirish masalasi hal bo‘lishini ma’lum qildi.