2020 yil mobaynida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 291 182 ta ish ko‘rib chiqilgan va shulardan 39 466 tasi nikohdan ajratish bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi. Xabarga ko‘ra, nikohdan ajratish bo‘yicha sud ishlarining 14 481 tasi bo‘yicha da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan.

Shuningdek, 2020 yil davomida 194,7 mlrd so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlar (voyaga yetmagan bolalar uchun aliment, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomonidan tan olingan talablar, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik to‘lovlari va boshqalar) ni undirish haqida 96 584 ta sud buyrug‘i chiqarilgan.

Ko‘rib chiqilgan 194 598 ta da’vo tartibidagi fuqarolik ishlarining 140 386 tasi bo‘yicha talablar qanoatlantirilgan bo‘lsa, 24 054 tasi bo‘yicha talablarni qanoatlantirish rad qilingan, 22 836 tasi bo‘yicha da’volar ko‘rmasdan qoldirilgan va 7 322 tasi bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan.

Da’vo tartibida ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlardan 52 898 tasi bitimlar bilan bog‘liq, 39 466 tasi nikohdan ajratish, 20 244 tasi o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki qurilmani buzish, 2 349 tasi otalikni belgilashga oid va boshqa toifadagi ishlarni tashkil qiladi.

Nikohdan ajratishga oid ko‘rilgan ishlar tahliliga ko‘ra, ko‘rib tamomlangan ishlarning 20 139 tasi bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilgan (nikohlar bekor qilingan), 14 481 tasi bo‘yicha da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan (nikohlar bekor qilinmagan), 2 842 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan hamda 2 004 ta da’vo bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan.

61 871 ta fuqarolik ishi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan. Aholi bilan 2933 ta uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, Oliy sud Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 550 ta ish ko‘rib chiqilgan. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 279 ta qaror bekor qilingan va 48 ta sud qarorlari o‘zgartirilgan.