19 yanvar kuni taxminan soat 21.30 da Yuzrabod va Kozeva ko‘chalari kesishmasida Damas va VAZ-2115 avtomashinalari to‘qnashdi, deya xabar berdi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.

YTH oqibatida VAZ-2115 avtomashinasi yo‘lovchilari — 18 yoshli Buxoro viloyatida tug‘ilgan D.B. va 19 yoshli M.J. olgan jarohatlari sababli voqea joyida hayotdan ko‘z yumishdi. VAZ-2115 haydovchisi va yo‘lovchisi badan shikastlari bilan shifoxonaga yetkazildi.

YTHning taxminiy sababi Damas haydovchisi burilish vaqtida to‘g‘ri yo‘ldan harakatlanib kelayotgan VAZ-2115 avtomobiliga yo‘l bermagani bo‘lgan. Natijada VAZ-2115 boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi daraxtga urilgan.

Mazkur fakt asosida Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (transport vositalari harakati qoidalarini buzish oqibatida odamlar o‘lishiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov olib borilmoqda.