AQSH hukumati Xitoyning Sinszyan avtonom hududidagi harakatlarini «genotsid» va «inson huquqlariga qarshi jinoyat» deya e’lon qildi. Bu haqda 19 yanvar kuni AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo o‘z bayonotida ma’lum qildi.

«Mavjud faktlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqib, men kamida 2017 yil martidan boshlab XXR Kommunistik partiyasi rahbarligi va nazorati ostida Sinszyanda asosan musulmonlardan iborat bo‘lgan uyg‘ur va boshqa etnik va diniy ozchilik guruhlarga qarshi jinoyatlar sodir etgan degan xulosaga keldim», — deyiladi bayonotda.

Maykl Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, davom etayotgan jinoyatlar orasida milliondan ortiq tinch aholini o‘zboshimchalik bilan qamoqqa olish, majburiy sterilizatsiya qilish, hibsga olinganlarni qiynoqqa solish, majburiy mehnat, din va so‘z erkinligi, harakat erkinligini cheklash kabi holatlar ham bor.

«Bundan tashqari, men XXR Sinszyanda genotsid uyushtirgan degan xulosaga keldim. Menimcha, bu genotsid hozir ham davom etmoqda va biz Xitoy hukumati tomonidan uyg‘urlarni yo‘q qilishga qaratilgan muntazam urinishlariga guvoh bo‘lmoqdamiz», — dedi AQSH davlat kotibi.

Bayonotga ko‘ra, AQSH XXRni barcha hibsga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishga va ichki tartibni bekor qilishga, Sinszyan va Xitoyning boshqa hududlaridagi uyg‘urlar va boshqa diniy-etnik ozchiliklarni qiynoqqa solish va ta’qib qilishni to‘xtatishga chaqirgan.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi bunga javoban «Sinszyanda genotsid bo‘layotganligi haqidagi gaplar shunchaki yolg‘on» deb aytgan va 2010 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Sinszyandagi etnik ozchilik guruhlar, shu jumladan uyg‘urlar soni o‘sganini ta’kidladi. Shuningdek, bayonotda Xitoy hukumatining Sinszyandagi siyosati «terrorizm va ekstremizm» ga qarshi kurashning bir qismi ekanligi aytilgan.

2019 yil oktyabr oyida AQSH Sinszyanda etnik ozchilik guruhlarga qarshi tazyiq o‘tkazayotgani uchun Xitoy rasmiylariga nisbatan viza cheklovlarini kiritdi. XXR buni «Xitoyning ichki ishlariga aralashish» deb atadi. 2020 yil iyun oyida AQSH prezidenti Donald Tramp Xitoy rasmiylarini uyg‘urlar va boshqa millat vakili bo‘lgan musulmonlarni ta’qib qilgani uchun jazolash to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi.

2018 yil avgust oyida BMTning Irqiy kamsitishlarga qarshi kurashish qo‘mitasi «1 milliongacha etnik uyg‘urlar katta lagerda saqlanmoqda» deya e’lon qildi. Pekin bu ayblovlarni rad etdi va lagerlarni «Islomiy ekstremizmga qarshi kurashda yumshoq usullardan foydalanadigan kasb-hunarga o‘qitish markazlari» deb atadi.